IIV Malaka oshirish instituti yosh mutaxassislar amaliyot bilan bogʻlangan holda tajribalarini orttirishmoqda
2024-07-18 12:20:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakultetida “Yoʻl-patrul faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan boʻlajak yosh mutaxassislar Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, yoʻl-patrul xizmati brigadasi batalonlarida nazariy bilimlarini amaliyot bilan uzviy bogʻlagan holda zarur tajribalarini orttirishmoqda.
Tinglovchilarning bir qismi Poytaxtimizning Yashnobod va Mirobod tumanlari hududida yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha amaliy koʻnikmalarni oʻzlashtirishayotgan boʻlsa, boshqalari targʻibot-tashviqot va reyd amaliyoti doirasida aholi gavjum maskanlarda boʻlib amaliy bilimlarga ega boʻlmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, yoʻl-patrul xizmati brigadasi batalonlarida tinglovchilar mavjud texnikalar, bodi kamera hamda planshetlar va ularning imkoniyatlari bilan tanishdilar. Mutaxassislar koʻmagida ularni koʻzdan kechirib, kerakli maʼlumotlarga ega boʻldilar. Amaliyot doirasida tinglovchilarning bevosita ishtiroki orqali hududlarda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash va yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasidagi bilimlari ham mustahkamlanmoqda.
Hududlarda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash va yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasidagi profilaktik targʻibot tadbirlari, oʻtkazilayotgan reyd tadbirlari davomida transport vositasini mast holda, tegishli hujjatlarsiz boshqargan, qoʻpol turdagi qoidabuzarliklar sodir etgan haydovchilarga tegishli tartibda choralar koʻrish borasida tinglovchilar oʻzlarida kerakli koʻnikmalarni hosil qilmoqdalar.
Amaliyotga institut Kasbiy tayyorgarlik fakulteti Maxsus fanlar sikli oʻqituvchilari va masʼul yoʻl-patrul inspektorlari tomonidan zarur amaliy bilimlar berib borilmoqda. Tinglovchilarga yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga joylashtirishda yoʻl-patrul xizmati xodimi oʻrtasidagi muammoli vaziyatlar boʻyicha nazariy va amaliy koʻnikmalari mustahkamlandi.
Tinglovchilar amaliyot davri maroqli va mazmunli oʻtayotganligini taʼkidlashmoqda.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati