Yaqin tarix sahifalarida. Irodadan yaralgan inson
2024-07-17 15:00:00 / Yangiliklar
«Paxta ishi», «Oʻzbek ishi» qatagʻonidan jabr koʻrgan ichki ishlar organlari xodimlaridan biri hozirda Xatirchi tumani «Doʻstlik» mahallasida istiqomat qilayotgan isteʼfodagi mayor Tohir Soliyevdir.
Lavhamiz qahramonining otasi Salohiddin Soliyev «Yangirabot» savdo uyushmasiga rahbarlik qilardi. Uning vazifasi tuman hududidagi savdo doʻkonlarini aholi ehtiyoji uchun zarur boʻlgan mahsulotlar bilan taʼminlashdan iborat edi. Bu inson oʻzining halolligi sabab butun tuman ahlining hurmatini qozongandi.
Salohiddin aka oʻzi oʻqimishli boʻlgani uchun barcha farzandlari oliy maʼlumotli boʻlishini istardi. Shu sababdan Tohirjon 1975-yilda oʻrta maktabni aʼlo baholarga bitirgach, Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida tahsil oldi.
U ichki ishlar organlaridagi ilk xizmat faoliyatini 1981-yilda Xatirchi tumani IIB Pasport boʻlinmasi katta inspektorligidan boshladi.
Qobiliyatli, intiluvchan bu yigit oradan bir yil oʻtar-oʻtmas jinoyat qidiruv boʻlinmasi boshligʻi etib tayinlandi. U jinoyatlarni ochishda yaxshi natijalar koʻrsatgani uchun faxriy yorliq, pul mukofoti bilan taqdirlandi. Salohiddin aka oʻgʻlining erishayotgan muvaffaqiyatlaridan gʻururlanardi.
Afsuski, otaning quvonchi uzoqqa choʻzilmadi. 1986-yilda S. Soliyev uchun koʻngilsizliklar boshlandi. Gdlyan va Ivanov boshliq tergovchilar uning ishidan kamchilik topishga harakat qilishdi. Salohiddin akaga faoliyati bilan bogʻliq asossiz ayblar qoʻyishdi.
Biroq yolgʻon guvohlikka jalb etilganlar ham uni qoralashga botinolmadi. Dadil va qatʼiy turib ularga qarshi chiqqan Salohiddin Soliyevni boshqa tomondan yiqitishdi — oʻgʻliga yopishishdi.
Tohir Soliyev 1986-yil may oyida xizmat intizomiga rioya qilmasligi, hududida ochilmagan jinoyatlar koʻpligi, hech qanday chaqiruv hujjatisiz oʻqishga qatnayotgani kabi asossiz ayblar bilan xizmatdan boʻshatildi.
Oʻsha paytlar Tohirjon Samarqand davlat universitetining yuridik fakultetida sirtdan tahsil olayotgan edi. Vaqti-vaqti bilan unga oʻqishga chaqiruv qogʻozi kelardi. Bu safar shu hujjat atay yoʻqotilgandi.
Xullas, boshga tushganini koʻz koʻrar ekan. Ota-bola ancha payt uyda qolishdi. Bekorchilikka oʻrganmagan Tohir Soliyev tumandagi maktablarning birida yoshlarga chaqiriqqa tayyorlash fanidan dars bera boshladi. Shu tariqa ruhiy tushkunlikni yengishga urindi. Boʻsh vaqtida esa loy qorib, gʻisht quyib, imorat tiklashda otasiga koʻmaklashdi.
Ishdan boʻshatilganimizdan keyin oʻzimizni aybdordek sanab oʻtirmadik. Otam bilan ikkimiz adolatni qaror toptirish uchun kurashdik.
Bizning aybsizligimizni isbotlovchi qoʻlimizdagi bor hujjatlarni, dalillarni asos qilib bormagan joyimiz, murojaat qilmagan odamimiz qolmadi, -deydi Tohir Soliyev. — Ular «Barchasini oʻrganib chiqamiz, javobini aytamiz», -deyar edi.
Kutdik. Qanday kutdik, bilasizmi? Alamimizni mehnatdan oldik. Ishdan boʻsh paytimiz imorat soldik, tomorqada ter toʻkib ishladik.
Yillar mobaynida davom etgan tergov jarayonlari, kun ora hovli joyimizni tintib ketishlari barchamizni holdan toydirgan edi.
Mahalla-koʻy oldida uyalganimizdan ota-bola oxiri koʻchaga chiqmay qoʻydik. Atrofdagilar, qoʻni-qoʻshnilar bizga dushmanga, muttahamlarga qaragandek qarardi.
Shu zaylda uch yilni oʻtkazibmiz. Bir kuni pochtalyon xat olib keldi. Unda mening oqlanganim, xizmatga qayta tiklanganim yozilgan edi.
Inson ruhiyati sinsa, qaddini rostlashi uchun qanchadan-qancha kuch va iroda kerak. Tohir aka irodasini ishga solib, oʻzida ruhiy kuch-quvvat topa oldi.
U ichki ishlar organlari safiga qayta tiklangach, xizmatni goʻyoki yana boshidan boshladi. Dastlab uchastka noziri etib tayinlandi. Soʻng bir muddat tuman IIB Navbatchilik qismida ishladi. 1999-yildan tuman IIB Qoʻriqlash boʻlinmasi boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatdi.
Qahramonimiz 2001-yilda izzat ikrom bilan pensiyaga kuzatildi.
Ayni paytda u ayoli Roza opa, farzandlari va nabiralari bilan tinch-xotirjam umrguzaronlik qilmoqda. Xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov quyidagi satrlarni bitganida, aynan Tohir Soliyev singari metin irodali insonlarni nazarda tutgan boʻlsa, ne ajab:
Nelarni koʻrmagan insonning boshi, Necha bor qovrilib tirilgan jahon. Bariga yetarkan sabru bardoshi, Demak, irodadan yaralgan inson.
©️ «Postda» gazetasi, Mahliyo Xolova, Navoiy viloyati.