Sohaviy xizmatlarda. Temir intizomli xodimlar
2024-06-29 12:00:00 / Yangiliklar
Sirdaryo viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasining Xovos shaharchasida joylashgan binosiga kirib borar ekanmiz, tergov-tezkor guruhi voqea joyiga chiqib ketayotganiga guvohi boʻldik.
Maʼlum boʻlishicha, shaharchaga yaqinlashgan eshelonga bir guruh shaxslar chiqib olgan va ochiq yuk vagonlaridan ikkilamchi temir parchalarini yerga tashlashgan.
Ular Yangiyer shaharchasining xalq orasida “58” deb ataladigan mavzesida poyezdga osilib olishgan. Xoʻsh nima uchun aynan shu mavzeda?
Yuk poyezdlari shu mavzedan oʻtayotganda Xovos shaharchasiga qarab buriladi, -deydi viloyat TXTB Tergov guruhi tergovchisi, kapitan Ikrom Tursunov. — Bu vagonlarga osilib chiqib olish uchun qulaylik tugʻdiradi.
Oʻgʻrilik sodir etgan shaxslar qoʻlga olindi. Ular Xovos shaharchasida istiqomat qiluvchi, muqaddam aynan shunday qonunbuzarlik uchun sudlangan shaxslar boʻlib chiqdi. Tergov-tezkor guruhi voqea joyini koʻzdan kechirib, yetkazilgan zararni aniqlab, ashyoviy dalillarni toʻpladi.
Xodimlar temiryoʻldagi qonunbuzarliklar faqat oʻgʻirlikdangina iborat emasligini taʼkidlashdi.
Baʼzan voyaga yetmagan bolalar ham temiryoʻl harakatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin, — deydi viloyat TXTB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti, mayor Rahim Utemuratov. — Ular oʻzlaricha eksperiment qilib koʻrishga usta.
Masalan, «Sharqobod» mahallasida yashovchi 13-14 yoshli uch nafar bolakay armatura parchasini temiryoʻl relsi ustiga qoʻyib, poyezd gʻildiraklari yordamida pachaqlab olishga harakat qilgan.
Odatda poyezd gʻildiraklari katta bosim ostida bunday armaturalarni osongina pachaqlab ketadi. Lekin xavfli tomoni, buning natijasida poyezd relsdan chiqib ketishi ham mumkin.
Yaxshiyamki, bunday «kashfiyot» poyezd harakatiga ziyon yetkazmagan. Agar armaturalarning eni kattaroq boʻlganida bormi?..
Boshqarmada «xodimbay» ishlash tizimi namunali yoʻlga qoʻyilgan. Har bir xodimning oilasi, yashash sharoiti toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplangan.
Boshqarma rahbariyati xodimlarning xonadonida boʻlib, ularning oilaviy muammolarini joyida hal qilishga harakat qiladi. Natijada xodimlarda oʻz xizmat faoliyatidan mamnunlik tuygʻusi vujudga kelgan. Bu esa intizomga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Har bir xodimga, eng avvalo, inson sifatida qaraymiz, — deydi boshqarma boshligʻining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Anvar Ahmedov. — Xodim shunchaki buyruqni bajaruvchi murvatga aylanishidan hech kim manfaatdor emas.
Bunday xodim foyda emas, aksincha, jamiyatga zarar keltirishi mumkin. Shu sabab xodimlarning insoniy fazilati, maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
©️ «Postda» gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.