Yaqin tarix sahifalarida. Hayotimdagi eng ogʻir kun
2024-06-20 04:00:00 / Yangiliklar
Oʻtgan asrning saksoninchi yillarida markazdan yuborilgan «desantchilar» guruhi xalqimiz boshiga oʻttizinchi yillar qatagʻonidan kam boʻlmagan jabr-sitamlar keltirdi. Jamoa xoʻjaliklarining oddiy tabelchisidan tortib viloyat, respublika rahbarlarigacha boʻlgan minglab insonlar «oʻzbek ishi», «paxta ishi» degan boʻhtonlar ortidan qamaldi. Yanayam achinarlisi, ularning orasida qishloq xoʻjaligi sohasiga umuman aloqasi boʻlmagan yurtdoshlarimiz ham bor edi…
1947-yil 19-noyabrda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tugʻilgan Toʻra Ochilov 1967-1971-yillarda Toshkentda, oliy oʻquv yurtida tahsil oldi. Ilk xizmat faoliyatini Toshkent shahar IIB Alohida motorlashtirilgan divizioni militsionerligidan boshladi. Oradan ikki yil oʻtib, IIV DANBda harakatlanishni tashkil qilish boʻyicha muhandis, 1974-1979-yillarda Qashqadaryo viloyati IIB DANB boshligʻi oʻrinbosari lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatdi. Oʻz kasbini puxta bilishi, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bekam-koʻst bajarishi, yangiliklarni sohaga jadal tatbiq etishi bilan hamkasblari va rahbariyat ishonchini qozonadi.
Men Toʻra Ochilov bilan birga koʻp yillar xizmat qildim, deydi isteʼfodagi polkovnik Niyozmurod Roʻzimurodov. U nihoyatda talabchan, tashabbuskor rahbar edi. Xizmatda qattiqqoʻl boʻlsada, kek saqlamasdi, bilganlarini oʻrgatishni kanda qilmasdi. Qoʻl ostidagi xodimlarga mehribonlik koʻrsatardi. Kimningdir muammosi boʻlsa, darhol hal etish choralarini koʻrardi.
Mayor Toʻra Ochilov 1979-yili Buxoro viloyati IIB DANB boshligʻi lavozimiga tayinlangan. U koʻplab ibratli ishlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, yoʻllarda xavfsiz harakatlanish uchun, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yoʻl belgilari va svetoforlar oʻrnatish borasida jonbozlik koʻrsatadi.
— 1983-yil 8-dekabr kuni men 9 yoshga toʻlgandim. Kechqurun otamni qamoqqa olish uchun uyga odamlar kelishdi. «Ota, tugʻilgan kunimda qayerga ketyapsiz, birga oʻtirmaysizmi?» deganimda, «Men, albatta, qayI tib kelaman, oʻgʻlim» degancha olti yilga ketdi. Oʻshanda bola aqlim bilan nima boʻlayotganini anglab-anglolmaganman. Lekin oʻsha kun hayotimdagi eng ogʻir kun sifatida xotiramga muhrlangani bor gap, — deydi oʻgʻli, isteʼfodagi mayor Ilhom Ochilov. -Tergov davrida otamni turli qiynoqlarga solishgani haqida birga qamoqda oʻtirgan hamkasblaridan eshitganman. Lekin oʻzi bu haqda umuman gapirmasdi. Otam barcha qiynoqlarga chidagan. Negaki, sportni kanda qilmasdi. Uchrashuvga borganimizda bizga ham oʻqing va sport bilan shugʻullaning, deya qayta-qayta tayinlardi.
Toʻra Ochilov Oʻzbekiston SSR Oliy sudining 1986-yil 13-maydagi hukmi bilan «mayor» maxsus unvoni va III darajali «Benuqson xizmatlari uchun» koʻkrak nishoni bekor qilinib, 12-yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni Qozogʻiston Respublikasining Kapchigay shahridagi koloniyada oʻtab, 1989-yilning 7-iyul kuni ozodlikka chiqdi.
Ozodlikka chiqqach, Т.Очилов haqiqat qaror topishi uchun tinimsiz kurashdi. 1990-yil 14-dekabr kuni unga qoʻyilgan ayblovlar bekor qilinib, jinoyat ishi qoʻshimcha tergov uchun Buxoro viloyati prokuraturasiga yuborildi. 1991-yilning 27-aprel kuni esa jinoyat alomatlari yoʻqligi sababli jinoyat ishi harakatdan toʻxtatildi. Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 1991-yil 27-avgustdagi xulosasiga asosan, ichki ishlar organlariga tiklandi.
Xalqimiz mustaqillikni qoʻlga kiritgan paytda Toʻra Ochilov IIV DANB katta inspektori lavozimida xizmatni boshladi. Soʻngra vazirlik DANB Texnika nazorati boʻlimi tarkibida ekologiya boʻlinmasini tashkil etishga bosh-qosh boʻldi. Shu boʻlinma boshligʻi vazifasida xizmat qilib, tabiatni asrash, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish borasida fidoyilik koʻrsatdi. Uning tashabbusi bilan oradan ikki yil oʻtib, IIV DANB Ekologiya boʻlimi Ekologiya markaziga aylantirilib, avtomobillardan havoga chiqayotgan gazlar miqdorini meʼyorlashtirish borasida respublikada salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini vazirlik Davlat avtomobil nazorati bosh boshqarmasi navbatchilik qismi boshligʻi lavozimida yakunlagan podpolkovnik Toʻra Ochilov 2000-yildan boshlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi moddiy-texnik taʼminoti sohasida davom ettirib, tizimni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshdi. 2008-yilda polkovnik unvonida izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatildi.
Turmush oʻrtogʻi Dilbar Ochilova bilan ikki oʻgʻil, uch qizni oliy maʼlumotli huquqshunoslar qilib tarbiyaladi. Ota kasbini tanlagan oʻgʻli Ilhom Qashqadaryo viloyati IIBdan, qizi Shahnoza Toshkent shahar IIBBdan pensiyaga chiqishdi.
Sodiq Rahimov, oʻz muxbirimiz. «Postda»