Jizzax viloyatida 3-iyundan «Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi – «Cyber-month» kompleks targʻibot tadbiri boshlandi
2024-06-04 18:55:00 / Yangiliklar
Shu munosabat bilan Jizzax shahridagi kibersport arenasida matbuot va OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona va tashkilotlar masʼullari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari Akmal Savurboyev va viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, podpolkovnik Akmal Muratov, IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimi Laziz Atoyevlar mazkur oylikning maqsad va vazifalari, rejalangan ishlar xususida maʼlumot berishdi.
Taʼkidlanishicha, joylarda mobil targʻibotlar bilan birga «Eng faol mahalla», «Internet tarmogʻidan xavfsiz foydalanaman», «Firibgarlardan ehtiyot boʻling», «Eng yaxshi milliy kontent» kabi yoʻnalishlarda tanlovlar, kibersport musobaqalari, IT sohasida onlayn olimpiadalar, kibertahdidlardan himoyalanish boʻyicha oʻquv kurslari, sektorlar rahbarlarining fuqarolar bilan uchrashuvlari tashkil etiladi.
Matbuot anjumanida kiberjinoyatchilarning aldoviga ishonib jabrlangan fuqarolar oʻz kechmishlarini bayon etishdi. Bundan tashqari matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati