IIV Akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ishtirokida mashgʻulot tashkil etildi
2024-05-30 09:00:00 / Yangiliklar
Unda Ombudsman institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar xususida soʻz bordi.
Feruza Eshmatova MDH miqyosda birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda joriy qilingan ushbu institut hozirda nufuzli xalqaro tashkilotlarning toʻlaqonli aʼzosi ekanligiga urgʻu berdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sifatida eʼtirof etilib, sohada izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, yangilangan Konstitutsiyamizda Ombudsman institutining vakolatlari yanada kengaygani taʼkidlandi. Tub oʻzgarishlar natijasida institut fuqarolar huquqlarini kafolatlashda davlat va jamiyat oʻrtasida oʻziga xos koʻprikka aylangani qayd etildi.
Davra suhbatida Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.
Jamiyatda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlar barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari xodimlaridan faoliyatni xalqchil mexanizmlar asosida tashkil qilishni taqozo etayotgani aytib oʻtildi.
Bu borada yechimini kutayotgan ayrim masalalar, tizim rahbarlari oldida turgan ustuvor talab va vazifalar yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Shu kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili akademiya rahbari Rustam Xatamov bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ichki ishlar organlari tizimida aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirilgan yangi tizim amaliyotga tatbiq qilingani, tizimning quyi boʻgʻinlari faoliyatini yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Tomonlar Ombudsman instituti bilan hamkorlikda taʼlim oluvchilar va amaliyot xodimlari uchun dolzarb yoʻnalishlarda oʻquv kurslari tashkil etishga kelishib oldilar.
Uchrashuv soʻnggida Feruza Eshmatova zamonaviy taʼlim jarayonlari, soha uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlashning oʻziga xos yondashuvlariga ijobiy baho berdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati