Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tungi vaqtda poytaxtimizning Shayxontohur va Olmazor tumanlarida oʻrganish ishlarini olib bordi
2024-05-19 10:35:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar vaziri rahbarligidagi idoralararo ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrining Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ichki ishlar boʻlimlari shaxsiy tarkibi tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda tungi vaqtlarda tashkil etilayotgan ishlar va hududlarda amalga tatbiq etilayotgan xavfsizlik choralari tizimli ravishda oʻrganish davom etmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026-yillar davomida amalga oshirilishi moʻljallangan «Xavfsiz va ravon yoʻl» umummilliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori ijrosi oʻrganildi.
Unga koʻra, poytaxtimizning barcha tumanlarida avtomobil yoʻllari infratuzilmasini kompleks takomillashtirish, yotiq yoʻl chiziqlari hamda piyodalar oʻtish joylarida yoʻl belgilarini yangilash va qoʻshimcha belgilar oʻrnatish, barcha harakat ishtirokchilari uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ishlar hamda yoʻllarda qatnovchi transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbir davomida Shayxontohur tumani Beruniy koʻchasida joylashgan «New Universal Development» masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli «Alpomish» muz saroyi hamda «Ecobozor» savdo majmuasida aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda xavfsizlik choralariga eʼtibor qaratildi.
Mazkur sport maskani hamda savdo majmualarida xavfsizlikni taʼminlashga jalb qilingan xodimlarning axborotlari tinglandi, xodimlarning huquqbuzarliklarni oldini olish boʻyicha tezkor shaylik holati nazorat tariqasida tekshirildi, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda xizmatni tashkillashtirish borasida tegishli koʻrsatmalar berildi.
Xususan, Shayxontohur tumani «Shodlik» mahallasidagi 362-sonli ichki ishlar organlari tayanch punkti faoliyati hamda shaxsiy tarkib tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda tungi vaqtda olib borayotgan xizmati bilan tanishildi. Mahallada keng obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, videokamera qamrovi kengaytirilganligi hisobiga (barcha koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklariga videokameralar oʻrnatilib, profilaktika inspektori xizmat xonasiga integratsiya qilingan) «yashil» toifaga oʻtganligi, aholining eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Tadbir davomida, Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 5-son IIB faoliyati hamda tumanning «Shifokorlar» mahallasida tashkil etilgan ishlar bilan tanishildi. Jarayonda, mahallalar kesimida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijalari namoyish etildi.
Amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar natijasida Shayxontohur tumani 5-sonli IIB tasarrufidagi maʼmuriy hududda jinoyatlar soni qariyb ikki barobar kamaygani, ishchi guruh tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Oʻrganish jarayonida «Shifokorlar» mahallasining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, huquq-tartibot idoralari xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida mazkur mahallaga tungi navbatchilikka jalb etilgan zarur kuch va vositalar rejali taqsimlanib, muammolar mahallani oʻzida yechishga alohida eʼtibor berilayotganligi, boshqa tumanlardagi mahallalarga ham namuna tarzida tatbiq etilishi boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganish jarayonida, aniqlangan barcha kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ishchi guruh aʼzolarining oʻrganish ishlari poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.