Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2024-05-01 12:10:00 / Yangiliklar
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarining insonning huquq va erkinliklarini taʼminlashga doir faoliyati toʻgʻrisida»gi axboroti eshitildi.
Yigʻilishda inson qadrini ulugʻlash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishiga aylangani alohida taʼkidlandi. Jumladan, mahkumlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlarini taʼminlash holatlari muntazam ravishda Ombudsman boshchiligida jamoatchilik guruhlari bilan oʻrganilayotgani, ushbu monitoring tashriflarida deputatlar ham ishtirok etayotganliklari qayd etildi.
Majlisda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari Mansur Qodirov tizimga raqamli texnologiyalarni, jumladan, intellektual «Smart» kameralar, videoregistrator, rentgen-skaner qurilmasi, elektron doʻkonlar joriy etish, «Online» videouchrashuv xizmatini yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
Yigʻilish soʻnggida kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
IIV huzuridagi JIED Axborot xizmati