Urganch davlat universiteti va IIV Malaka oshirish instituti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2024-04-24 11:10:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshligʻi, polkovnik, t.f.n., dotsent. Olimjon Axmedov va Urganch davlat universiteti rektori f-m.f.d., professor Baxrom Abdullayev oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan rasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda tomonlardan vakillar ishtirok etishdi.
Muloqotda har ikkala muassasa uchun manfaatli masalalar muhokama qilinib, oʻquv jarayonining sifatini oshirish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, kadrlar qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning oʻquv dasturlari, oʻquv metodik va normativ materiallarini ishlab chiqishda hamkorlik koʻrsatish, hamkorlikda xorijiy tillarni oʻrgatish va huquqiy savodxonlikni oshirishga yoʻnaltirilgan qator vazifalarni koʻzda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshligʻi, polkovnik, t.f.n., dotsent O. Axmedov, Malaka oshirish instituti kafedra boshligʻi, podpolkovnik, s.f.d, dotsent F. Xatamov, Respublikamizning yirik tadbirkorlaridan biri M. Madaminovlar ishtirokida universitet talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvni UrDU rektori, prof. B. Abdullayev ochib berdi.
Uchrashuvda mehmonlar tomonidan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining bugungi kundagi faoliyati, vazifalari, ichki ishlar sohasida ilmiy faoliyat olib borish uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar xususida maʼlumotlar berildi.
Mazkur muassasaga xodimlarni ishga qabul qilishdagi talablar, tartib-qoidalar, Turizm politsiyasining vazifasi va unga ishga qabul qilish tartiblari borasidagi talabalarning savollariga javoblar berishdi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati