O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Q.Sariyevning mamlakatimizda umummilliy totuvlikni ta’minlash sohasida amalga oshirayotgan ishlari to‘g‘risida axboroti
2025-12-05 10:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum hurmatli Spiker, hurmatli deputatlar!
Avvalo barchangizga mamlakatimizda umummilliy totuvlikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratganingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli deputatlar!
O‘zbekiston asrlar davomida turli sivilizatsiyalar va madaniyatlar o‘zaro kesishgan zamin, bag‘rikenglik, hamjihatlik va ahil-inoqlik qo‘rg‘oni bo‘lgan yurtdir. Shu bois ushbu ulug‘ zaminda turli madaniyat va e’tiqodga mansub millatlar va elatlar tinch-totuv yashab kelayotgani – yurtimizda o‘zining chuqur tarixiy ildizlariga ega.
“Bag‘rikeng O‘zbekiston!”, “Bag‘rikeng o‘zbek xalqi” kabi iboralar kundalik hayotimizdan chuqur o‘rin olgani ham ko‘pmillatli xalqimizning donishmandligi va mamlakatimizda umummilliy totuvlik ustuvorligini ifodalovchi muhim mezonlardan biri hisoblanadi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev yurtimizda qadimdan shakllangan etnik xilma-xillikni noyob ijtimoiy hodisa sifatida baholab, millatlar va elatlar o‘rtasidagi totuvlikni asrash, uni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqdalar.
2017 yilda Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida, jumladan siyosiy, huquqiy, madaniy va gumanitar yo‘nalishlarda keng ko‘lamli islohotlar boshlanishi bilan millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasida ham tub institutsional o‘zgarishlar yuz berdi.
Insonga e’tibor, inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat tamoyillari asosida yuritilayotgan oqilona siyosat natijasida mamlakatimizda umummilliy birdamlik yanada chuqur ildiz otib, barchamiz uchun aziz va muqaddas bo‘lgan jonajon Vatanimiz O‘zbekiston – tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyori sifatida butun dunyoga tanilmoqda.
Jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, umummilliy hamjihatlik va do‘stlik muhitini mustahkamlash masalasi har qachongidek bugun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu tamoyillar Bosh Qomusimizda ham mustahkam belgilab qo‘yilgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Xususan, uning muqaddimasida O‘zbekistonning yagona xalqi sifatida millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlashni maqsad qilgan holda Konstitutsiyani qabul qilganimiz va e’lon qilganimiz alohida qayd etildi.
Shuningdek, Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi mustahkamlab qo‘yildi.
Ushbu konstitutsiyaviy qoidaning amaldagi ifodasi o‘laroq, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib, yagona xalq bo‘lib umummilliy totuvlik asosida ahil-inoq yashab kelmoqda.
Turli millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyatlari va an’analarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish maqsadida 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Milliy madaniy markazlar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida hududlarda “Do‘stlik uylari” tashkil etilgan. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi har yili ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Maktablarda ta’lim 7 tilda olib borilayotganligi turli millatlarga mansub o‘quvchilarning o‘z ona tilida ta’lim olishi uchun sharoit yaratmoqda.
Milliy tele va radiokanallar 12 tilda efir olib borayotgani, gazeta va jurnallar 14 tilda chop etilayotgani barchaga teng sharoit yaratgan holda axborotni ona tilida olish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘zlarining faol va fidokorona mehnatlari bilan yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Birgina davlat fuqarolik xizmatida 35 ta millat vakillari hisobldangan 5 mingga yaqin fuqarolarimiz mehnat qilmoqda.
Ayniqsa, davlatning siyosiy institutlari hisoblangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12,7 foiz, mahalliy Kengashlarda 11,5 foiz deputatlarimiz turli millat va elatlar vakillari ekanligi bizni judayam quvontiradi.
Bunday yutuqlarning chegarasi yo‘q, jamiyatning har bir jabhasida inklyuzivlik, millatlararo totuvlik, hamjihatlik o‘z aksini topganligini kuzatish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2023 yil 8 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalari a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida shunday deb alohida ta’kidlagan edilar:
“Bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘pmillatli buyuk xalqimizdir. Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do‘stlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir”.
Zero, qayta-qayta ta’kidlanayotganimiz – ko‘pmillatli yagona xalqimizning umummilliy birdamligi, hamjihatligi siyosati, falsafasi Asosiy Qomusimizda, Qonunlarimizda, Davlatimiz Rahbarining g‘oyalarida aniq-tiniq qilib belgilab berilgan.
Eng muhimi, ushbu siyosatning asl ezgu maqsadini ko‘pmillatli xalqimiz qalban anglab yetayapti hamda faol qo‘llab-quvvatlayapti.
Hurmatli deputatlar!
Bugun Sizu-biz yashab, ko‘rib turgan tinch-osoyishta hayotimiz tasodif emas. Bu yillar davomida amalga oshirilgan oqilona siyosat va amaliy harakatlar samarasi, ko‘p asrlik qadriyatning davomi hisoblanadi.
Jamiyatda mavjud totuvlik, hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, fuqarolarimiz va xorijda yashovchi vatandoshlarimizning yakdilligini, birdamligini ta’minlovchi institutsional mexanizmlar ham takomillashtirilmoqda.
Hurmatli Prezidentimiz millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari sohasini tubdan isloh qilib, noyob tizim yaratib berdilar.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etildi.
Qo‘mita millatlararo munosabatlar hamda xorijdagi vatandoshlar masalalari sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiradigan vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi.
Bugungi kunda Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi tomonidan o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni sifatli amalga oshirish nuqtai nazaridan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Avvalo umummilliy totuvlikning muhim sharti sifatida O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyatlari va an’analarini saqlash, yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sizga yaxshi ma’lumki, bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli amalga oshirishda milliy madaniy markazlarning o‘rni juda ham muhim hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar davlat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning faoliyati Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.
Prezidentimizning tashabbuslari bilan 2021 yildan boshlab milliy madaniy markazlar raislari va rais o‘rinbosarlari muntazam oylik ish haqi va madaniy tadbirlarni amalga oshirishlari uchun davlat subsidiyalari ajratib kelinmoqda.
Bu esa ularning faoliyatini sifatli tashkil qilish hamda mamlakatda umummilliy birdamlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Milliy madaniy markazlar tomonidan 2025 yil mart oyida “Navro‘z” umumxalq bayramini nishonlash doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, Toshkent shahri hamda tuman va shaharlarda 7 mingga yaqin bayram tadbirlari tashkil etildi.
“Yangi O‘zbekiston bog‘i”dagi “Navro‘z” tantanalarida milliy madaniy markazlarning milliy hunarmandchilik, madaniyat, san’at ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda 300 nafardan ortiq turli millat vakillari faol ishtirok etdi.
28-31 mart kunlari Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari Prezidentlari ishtirokidagi “Do‘stlik bog‘i” ochilish marosimida milliy madaniy tadbirlar, amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari, kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etilib 215 mingdan ziyod aholi qamrab olindi.
15 aprel kuni Andijon viloyatining “Yangi Andijon bog‘i”da tashkil etilgan xalq saylida viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan milliy madaniy markazlarining 70 ga yaqin faollari ishtirok etdi.
24 aprel kuni Samarqand shahrida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini tantanali topshirish marosimida yurtimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan 155 nafar turkman millatiga mansub fuqarolarimiz ishtiroki ta’minlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi PF–16-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishi bo‘yicha 2025 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasiga muvofiq 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan joriy yil 25-30 iyul kunlari butun mamlakatimiz bo‘ylab “Do‘stlik” festivali keng nishonlandi.
Ushbu festival doirasida Badiiy akademiya bilan hamkorlikda Toshkent fotosuratlar uyida “Do‘stlik nigohi” fotosuratlar ko‘rgazmasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Yozuvchilar uyushmasi binosida “Qardoshlik mushoirasi” turli qardosh elatlar do‘stligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv va mushoira, “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Navro‘z bog‘ida “Ona zamin bag‘ridan...” xorijdagi va yurtimizdagi turli xalqlar amaliy san’at ustalarining xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasi, “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asosi” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi tomonidan “Eng faol milliy madaniy markaz” va “Eng faol do‘stlik jamiyati” onlayn tanlovlari tashkil etildi hamda uning g‘oliblari tantanali taqdirlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Festival doirasida bolalar yozgi oromgohlarida “Do‘stlik bolalikdan boshlab” mavzusida tadbirlar o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududlardagi madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobon va sayilgohlarda Festival munosabati bilan san’atkorlar va milliy madaniy markazlarning badiiy jamoalari ishtirokida “Do‘stlik ohanglari” nomli konsert dasturlari, hunarmandchilik namunalari, rassomlar asarlarining ko‘rgazmalari hamda fotoko‘rgazmalar, xalq sayillari tashkil etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda katta gala-konsert hamda qirg‘iz madaniyati kunlari tadbiri tashkil etildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya davlatlarining vakillari ishtirok etdi. Ushbu tadbir doirasida qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, ozarbayjon, turk xalqlari urf-odat va an’analarini keng nomoyish etuvchi ko‘rgazma tashkil etildi.
Umuman olganda “Do‘stlik festivali” doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda 500 ming nafardan ortiq fuqarolar qamrab olindi. 50 nafarga yaqin turli millat va soha vakillari bo‘lgan yurtdoshlarimiz “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Bu yil davlatimiz Mustaqilligiga 34 yil to‘lishi munosabati bilan qo‘mita va milliy madaniy markazlar tomonidang “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida katta madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Umuman, mustaqillik bayrami barcha milliy madaniy markazlar tomonidan keng nishonlandi.
Barchamizga ma’lumki, davlatimiz Mustaqillikni qo‘lga kiritishidan avval, ya’ni 1989 yilda O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi va uning huquqiy asoslari mustahkamlanishi xalqimiz tarixida unutilmas sahifa bo‘lib qoldi.
O‘zbekistonda davlat tili barcha sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Xususan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida o‘zbek tilining davlat boshqaruvi, rasmiy doiralarda, ta’lim, ilmiy va ijtimoiy sohalarda to‘laqonli va erkin foydalanilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 20 oktyabrdagi 6084-son Farmoni, "Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025 yil 20 oktyabrdagi PQ–308-son qarori o‘zbek tili rivojini butunlay yangi bosqichga ko‘tardi, deb bemalol aytishga barcha asoslarimiz bor.
Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi ham ushbu sohadagi tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlab, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zbek tilini o‘rganish va uning nufuzini oshirish bo‘yicha izchil faoliyat yuritib kelmoqda.
Xususan, Qo‘mitamizda milliy madaniy markazlar bilan birgalikda joriy yil oktyabr oyi O‘zbek tili oyligi deb e’lon qilindi.
Shu munosabat bilan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari uchun o‘zbek tili kurslarini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi. Milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari ushbu markazda o‘quvni boshlab yuborishdi.
Biz milliy madaniy markazlar rahbarlarining o‘zbek tilini mukammal o‘rganish tashabbuslarini bundan keyin ham faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Prezidentimiz qarorlarida belgilab berilgan topshiriqlar asosida ushbu kurslarni yanada kengaytirish choralarini ko‘ryapmiz.
Shu orqali o‘zbek tilini tom ma’noda davlat tili, umummilliy muloqot tiliga aylantirishga birgalikda o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Qo‘mita tomonidan til bayrami arafasida yana bir tashabbus, turli millat va elat vakillari o‘rtasida “O‘zbek tiliga bag‘ishlangan eng yaxshi she’r ijrochisi” va “O‘zbek tilida ijro etilgan eng yaxshi qo‘shiq” onlayn tanlovlari o‘tkazildi.
Mazkur tanlovlarda ishtirok etish maqsadida tashkiliy qo‘mitaga 100 ga yaqin ijodiy ishlar yuborildi. Ular orasidan eng munosiblari saralanib, onlayn ovozga qo‘yildi. Ovoz berish jarayonlarida 30 minga yaqin yurtdoshimiz ishtirok etib, eng ko‘p ovoz olgan ishtirokchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Joriy yil 20 oktyabr kuni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi hamda 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!” shiori ostida o‘tkazilgan tantanali tadbirda ushbu tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.
Mamlakatimizda yashayotgan turli millatlar va elatlarga xos bo‘lgan milliy bayramlarni keng nishonlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, joriy yil 25 may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent shahar markaziy bog‘ida tatar va boshqird xalqlarining milliy bayrami – Sabantuy munosabati bilan katta bayram dasturi hamda xalq sayli tashkil etildi. Ushbu tadbirda Tatariston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Butunjahon tatar kongressi Milliy kengashi raisi V. Shayxraziev, Boshqirdiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari G. Xamitova hamda boshqa xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi.
Bundan tashqari koreyslarning Chxusok, greklarning Oxi, qirimtatarlarning Derviza, uyg‘urlarning Qovun sayli va boshqa millatlarga xos bo‘lgan milliy bayramlar nishonlanmoqda.
Joriy yil 9 avgust kuni Toshkent shahrida buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboev tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlab qator tabdirlar o‘tkazildi. Xususan, Toshkent shahridagi Abay haykali poyiga gul qo‘yildi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Abay – qozoq va o‘zbek xalqlarining sevimli shoiri” nomli xalqaro konferensiya o‘tkazildi, O‘zbek milliy akademik drama teatridaadabiy-mayrifiy kecha tashkil etildi.
Quvonarlisi, ushbu bayramlarda barcha milliy madaniy markazlarning rahbarlari va a’zolari faol ishtirok etib, bir birlarini doim qo‘llab-quvvatlab keladilar.
Bu ham mamlakatimizda umummilliy birdamlikning yorqin namunalaridan biridir, deb bemalol aytishimiz mumkin.
Hurmatli deputatlar!
E’tibor bersangiz, bugungi kunda ayrim davlatlarda boshqa millatlar uchun milliy madaniy markazlar ochilishiga haligacha ruxsat berilmaydi. Yana boshqalarida bunday tuzilmalar mavjud bo‘lsada, ularning faoliyati davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi.
O‘zbekistonda davlat milliy madaniy markazlar emin-erkin faoliyat ko‘rsatishini nafaqat Qonun bilan kafolatlab qo‘ygan, balki ularning faoliyatini Parlament huzuridagi jamoat fondi orqali davlat subsidiyalari hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Yuqorida aytilganidek, deyarli barcha milliy madaniy markazlar uchun hududlarda tashkil etilgan “Do‘stlik uylari”dan joy ajratilgan va ular bu joylardan mutlaqo bepul foydalanib kelmoqda.
Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi joylashgan bino atrofida umummilliy birdamlikning o‘ziga xos ramzi sifatida 22 ta milliy madaniy markazlar paviloni barpo etildi.
Ushbu pavilonlar mamlakatimizda millatlararo totuvlik
va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni ifodalaydigan, o‘zaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini bajarmoqda. Bu joyni hech ikkilanmasdan umummilliy birdamlik shaharchasi deyish mumkin.
Ushbu pavilonning barpo etilishi noyob hodisa bo‘lib, u O‘zbekistonda yashab kelayotgan millatlar va elatlarning o‘z madaniyati va urf-odatlari, an’analarini saqlab qolish, ularni rivojlantirish uchun yana bir ulkan imkoniyat eshiklarini ochadi, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni o‘zida to‘la ifodalaydi.
Ochilganidan buyon, ushbu shaharchada deyarli har kuni umummiliy totuvlikni targ‘ib etuvchi turli madaniy ma’rifiy tadbirlar, ko‘rgazmalar keng jamoatchilikka namoyish qilib kelinmoqda. Shu bilan birga, ushbu maskan Toshkent shahri mehmonlari, sayyohlar uchun xam tashrif maskaniga aylanmoqda.
Hurmatli deputatlar!
Biz ushbu sohada oldimizda turgan dolzarb chaqiriqlar yo‘q degan gapdan yiroqmiz. Jamiyatimizda haliyam umummilliy totuvlik va barqarorlikka soya soluvchi holatlar uchrab turadi.
Birinchidan, konstitutsiyaviy norma, kengroq aytadigan bo‘lsak davlatchiligimiz fundamenti bo‘lgan, O‘zbekistonning yagona xalqi g‘oyasi, undagi barcha fuqarolarning millati, tili, dinidan qat’i nazar bir xil huquq va erkinliklardan foydalanish va qonun oldida tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni ko‘rib ko‘rmaslikka olish, oqni qora qilib ko‘rsatishga urinuvchi ba’zi shaxslar yo‘q emas.
Shunga o‘xshash ig‘volarning tarqalishi postsovet hududining ayrim davlatlarida millionlab insonlarning boshpanasiz qolishiga va butun-butun shaharlarni vayronaga aylanishiga sabab bo‘lganini yangi tarixdan yaxshi bilamiz.
Aytishim lozim, milliylik boshqalardan ustunlik haqidagi yanglish g‘oya bilan yo‘g‘rilsa, zo‘ravonlikka olib keluvchi millatchilikka aylanadi, boshqalarga hurmat bilan yo‘g‘rilsa umummilliy qudrat va barchaning farovonligi manbaiga aylanadi.
Xuddi shunday, diniy aqidalar boshqalarning ham o‘z qarashlari mavjud bo‘lishini inkor etsa – konfessiyalararo nizolarga olib borishi, bag‘rikeng diniy e’tiqod – uyg‘unlik va barqarorlik garovi bo‘lishini tarixning o‘zi isbotlab kelmoqda.
Shu o‘rinda, ayrim qiziqqon sharhlovchilar, internetdagi keskin fikr bildiruvchilarning turli etnik yoki diniy guruhlarga mansub O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan nafratni ifodalovchi chiqishlariga guvoh bo‘lyapmiz.
Hammaning so‘z erkinligiga haqqi bor, shu bilan birga bu erkinlik boshqalarning huquqini, qadr-qimmatini paymol qilishiga hech qachon yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!
Ikkinchidan, mamlakatimizning fuqarolari hisoblangan shaxslar, jumladan ma’lum bir millat vakillaridan Qonunlarimizga rioya etishlari talab qilinishi, qonuniy choralar ko‘rilishi bilan bog‘liq ayrim holatlar tashqi omillar ta’sirida, sun’iy ravishda informatsion xurujlar va ba’zi ekspertlarning noo‘rin bayonotlariga ham sabab bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda aytmoqchimanki, aholi o‘rtasida nosog‘lom bahs keltirib chiqarishga urinish, umummilliy totuvligimizga soya solishga qaratilgan hamda do‘stlik va hamkorlik ruhiga mos bo‘lmagan harakatlarga yo‘l qo‘ymaymiz. Qonunlar – barchaga barobar qo‘llanilishi lozim.
Uchinchidan, davlat tilini qo‘llash doirasini yanada mustahkamlash bilan birga boshqa tillarni saqlab qolish va qo‘llab-quvatlash – millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatimizning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.
Bu siyosatda prinsipial qoidamiz barchaning o‘z ona tilida so‘zlash huquqini ta’minlash bilan birga, ularning o‘zbek tilini o‘rganishiga, davlat tilida ish yuritish va muloqot qilish qobiliyatlarini shakllantirishiga barcha shart-sharoitlarni yaratishdir. Bu kimningdir sub’ektiv fikri emas, balki Konstitutsiya normasidir.
Shunday ekan, o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan harakatlarimiz aslo etnik guruhlar tillariga ta’sir qiluvchi omil sifatida qabul qilinmasligi lozim.
Shu o‘rinda davlat tili barcha fuqarolarimizni birlashtiruvchi, yanada jipslashtiruvchi kuchga aylanishi kerak deb hisoblaymiz.
Agar boshqa millat vakillari davlat tilini bilmasa biz ularga o‘rgatishimiz kerak, hech qachon uning davlat tilini bilmasligi ro‘kach qilinib sazoyi qilinmasligi lozim! Chunki davlatimizda Qonun ustuvor, insonlar uchun majburiyatlar qonunlardagina belgilanadi.
To‘rtinchidan, oxirgi yillarda O‘zbekistonning barcha xorijiy hamkorlarga ochiq tashqi siyosiy va iqtisodiy siyosati natijasida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Turizm, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar chinakam xalqaro ko‘lamga chiqmoqda. Bir so‘z bilan aytganda uxlab yotgan “Turon yo‘lbarsi” uyg‘onmoqda.
Ta’kidlash lozimki, xalqimiz biqiqlik bilan yopilib olish yoki hamkorlikda farovonlikga erishish o‘rtasidagi tanlovni o‘zining milliy lideri boshchiligida allaqachon amalga oshirib bo‘lgan. Bu jarayonda milliy manfaatlar birinchi o‘rinda turadi va shu manfaatlardan kelib chiqib Prezidentimiz tashqi siyosat yuritmoqda. Natijada, dunyo O‘zbekistonni tan olmoqda.
Shu o‘rinda, ayrim tor fikrlovchi insonlar tomonidan jamiyatda qo‘rquvlarni tarqatish, yopiqlik tasavvurlarini qo‘msash, xalq orasida vahima va ksenofobiyani uyg‘otishga urinishlarni kuzatyapmiz.
Bu borada, o‘zbek millatining madaniy bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik kabi tub qadriyatlarini yanada mustahkamlab borishimiz, eskicha biqiq qarashlarning bizning shuurimizni qayta egallashiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Muhokama bo‘lishi mumkin, lekin bu albatta qonun doirasida amalga oshirilishi kerak.
Beshinchidan, tezda o‘zgarib borayotgan tahlikali zamonda taraqqiy etishimizning muhim sharti qardosh qo‘shnilarimiz bilan hamkorlik hisoblanadi. Prezidentimizning uzoqni ko‘zlagan siyosatlari natijasida tarixda bo‘lmagan konsensus asosidagi mintaqaviy yakdillik muhiti shakllanib bormoqda.
Shu bilan birga, ayrim holatlarda qardosh xalqlar bilan do‘stligimiz, birligimizni ko‘ra olmaydiganlarga xizmat qiluvchi informatsion provokatsiyalarni ham kuzatyapmiz.
Xalqimizni va azaliy birodarlarimizni mintaqamizdagi barcha sog‘lom va ezgu niyatli do‘stlarimizni umumiy farovon makonimizni birgalikda asrab-avaylash, mustahkamlash yo‘lida birdam bo‘lishga chaqiramiz. O‘zaro hamkorlikda Markaziy Osiyo o‘zligini yanada mustahkamlaymiz.
Oltinchidan, ish, o‘qish, sayohat va boshqa maqsadlarda xorijda bo‘lib turgan ayrim fuqarolarimiz tomonidan mezbon davlat qonunlari va qadriyatlariga nisbatan hurmatsizlik qilayotgani, o‘z vatandoshining haqiga hiyonat qilayotgani hamda hududiy mansublik asosida mahalliychilik kabi illatlar haqida axborotlarni eshitayapmiz va kuzatayapmiz.
Har bir davlat o‘ziga xos tarixiy rivojlanish konteksti va yurish-turish normalariga egaligini anglamasdan e’tiqodi yoki milliy odatini keraksiz joyda namoyishkorona amalga oshirish, jamoat tartibini va qonunlarni buzish hech qachon millatimiz obro‘siga obro‘ qo‘shmaydi.
Avvalambor, xorijga chiqqan fuqarolarimiz ularning alohida olingan shaxs emas, endilikda barcha o‘zbekistonliklarning vakili ekanligini va shunga munosib harakat qilishi kerakligini anglashi lozim. Zero, uning ezgu amali, tartibli va tadbirli ekanligi millat uchun g‘urur, iftixor olib keladi. Qonunlarga, jamiyat normalariga hurmatsizligi esa aksincha, barchada nafrat uyg‘otadi.
Shu sababli, xorijdagi barcha fuqarolarimiz “O‘zbekistonlik bu yagona ajralmas birlik – yagona vatandoshlik – yagona taqdir” ekanligini tushunishi va har qanday holatda birdam va bir-biriga tayanch bo‘lishi kerak.
Hurmatli xalq vakillari!
Millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasida kuzatilayotgan bugungi chaqiriqlarni chuqur tahlil qilgan holda, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga, shuningdek Sizlarning ko‘magingiz bilan quyidagi yo‘nalishlarda tizimli ishlar olib borishni belgilab oldik.
Birinchidan, barcha fuqarolar millati, tili, dinidan qat’i nazar bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, qonun oldida tengligi va O‘zbekistonning yagona xalqi vakili ekanligini chuqur anglab yetishlari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda, jamoatchilik o‘rtasida keskin fikr bildirib, turli etnik yoki diniy guruhlarga mansub fuqarolarimizga nisbatan o‘z nafratini ifodalab kelayotgan shaxslarni sog‘lom fikrlashini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, mamlakatimizdagi umummilliy totuvlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar, tashqi manfaatdor kuchlarning axborot xurujlari va ayrim ekspertlarning noo‘rin fikrlariga munosib javob beradigan sog‘lom axborot muhitini yaratish, aholi o‘rtasida keng targ‘ibot ishlarini olib borishga qaratilgan keng qamrovli media-targ‘ibot kampaniyasini amalga oshiramiz.
Uchinchidan, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning davlat tili sifatida o‘zbek tilini chuqur o‘rganishga intilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda tizimli o‘quv malaka oshirish kurslarini yanada kengaytiramiz.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025 yil 20 oktyabrdagi PQ–308-son qaroriga muvofiq o‘zbek tiliga o‘qitish kurslariga milliy madaniy markazlar vakillarini to‘liq qamrab olish bo‘yicha ishlarni tashkil etamiz.
To‘rtinchidan, davlatimizda o‘qish, ishlash va sayohat maqsadlarda bo‘lib turgan xorijliklar, ularning urf-odatlari va madaniyatiga nisbatan fuqarolarimizda xayrixohlik kayfiyatini kuchaytirish, aholi orasida bag‘rikenglikni rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib amalga oshiramiz.
Beshinchidan, qardosh qo‘shni davlatlar bilan aloqalar, mintaqaviy yakdillik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida mamlakat bo‘ylab, ayniqsa chegaradosh tumanlarda keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy, do‘stlik tadbirlarini o‘tkazamiz.
Oltinchidan, turli maqsadlarda xorijda bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz tomonidan o‘zlari bo‘lib turgan davlatdagi qonunlar va ahloq normalariga og‘ishmay rioya qilishlari, o‘zbekistonlik nomiga munosib bo‘lishlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Yettinchidan, biz har doim millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik masalalarini tarixiy, fundamental jihatdan, ilmiy yondashuvlarga tayangan holda chuqur tahlil qilib boramiz. Olimlar, ekspert mutaxassislar va qonun ijodkorlari bilan hamkorlikda bu boradagi faoliyatimizni yanada takomillashtirish ustida ishlaymiz.
E’tiborlaringiz uchun rahmat.
