Tinch va barqaror O‘zbekiston: ijtimoiy birlik va konstruktiv tashqi siyosat taraqqiyot poydevori sifatida
2025-12-30 10:05:00 / Yangiliklar

Murojaatnomada mamlakatimizning ko‘p millatli jamiyat sifatidagi o‘ziga xosligi, millatlararo totuvlik va fuqarolik birdamligini mustahkamlash davlat barqarorligining muhim omili ekaniga urg‘u berildi. Davlat rahbari qayd etganidek, millati, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni yagona maqsad — Vatan manfaatlari va xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilish g‘oyasi birlashtiradi. Aynan shu tamoyil jamiyatda hamjihatlikni ta’minlab, izchil modernizatsiya jarayonlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur yondashuvni Respublika ozarbayjon milliy madaniy markazi boshqaruvi raisi Mobil Mamedov ham qo‘llab-quvvatlaydi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda olib borilayotgan millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati tizimli, vazmin va uzoq muddatli istiqbolga yo‘naltirilgan. Davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar turli milliy jamoalarga o‘z madaniy o‘ziga xosligini saqlash, milliy an’analarni rivojlantirish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkonini bermoqda.
“O‘zbekiston ozarbayjon jamoasi ko‘p millatli jamiyatning ajralmas qismi sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Fuqarolik totuvligi va ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirok etish bizning ustuvor vazifamizdir”, — deydi Mobil Mamedov.
Murojaatnomada tinchlik va barqarorlikning asosiy manbai sifatida o‘zaro muloqot, hurmat va jamiyatni birlashtirishga qaratilgan davlat siyosati samaradorligi qayd etildi. Bugungi kunda fuqarolarning ijtimoiy faolligi oshib, ular iqtisodiyot, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi islohotlarda bevosita ishtirok etmoqda.
Tashqi siyosat masalalariga to‘xtalar ekan, Prezident O‘zbekistonning vazmin, pragmatik va ochiq tashqi siyosat yo‘lidan borayotganini ta’kidladi. Geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan sharoitda barcha davlatlar bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.
Bugungi kunda tinch va barqaror O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqaror taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilikni ta’minlashda muhim omil sifatida e’tirof etilmoqda. Mutaxassislar fikricha, millatlararo totuvlik, fuqarolik birligi va konstruktiv tashqi siyosat tamoyillarining izchil davom ettirilishi mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.
