Millatlararo munosabatlar qo‘mitasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi
2025-12-24 12:25:00 / Yangiliklar
O‘tgan davr mobaynida Qo‘mita tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan:
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha sohalarni tartibga soluvchi va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga taalluqli bo‘lgan 16 ta normativ-huquqiy va ichki hujjatlar (siyosat, reglament, standartlar, yo‘riqnomalar va shu kabilar) qabul qilindi;
“E-antikor.uz” elektron platformasi orqali Qo‘mitaning barcha vazifa va funksiyalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholashdan o‘tkazildi;
Shuningdek, aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish bo‘yicha Qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi ishlab chiqildi. Rejalashtirilgan manfaatlar to‘qnashuvining har yillik deklaratsiyalanadigan manfaatlar to‘qnashuviga nisbatan ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi;
Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnomaga muvofiq barcha nomzodlar to‘liq o‘rganib chiqildi. Markaziy apparatga 22 nafar ishga kirish uchun suhbat bosqichida muvaffaqiyatli o‘tgan 480 nafardan ziyod nomzodlar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazildi;
Qo‘mita xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha barcha choraklarda yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘linmalar xodimlari o‘z bilim va malakalarini oshirib borishdi. Bundan tashqari, Qo‘mitaning 7 nafar xodimlari 2025-yil davomida xorijiy davlatlarda tajriba almashishga yuborildi, 11 nafar xodimlar malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari, treninglar va seminarlarga jalb etildi;
Joriy yil sentabr oyida qo‘mita rahbariyatining fuqarolarga murojaatnomasi e’lon qilindi hamda qo‘mita xodimlari faoliyati bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlarga duch kelsalar, ishonch telefonlari, rasmiy veb-sayt yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali darhol xabar berishlari, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi to‘liq kafolatlanishi ma’lum qilindi;
Bundan tashqari “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash” kuniga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida qo‘mitada “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Unda Qo‘mita xodimlari, OAV vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Shuningdek Qo‘mita xodimlari ishtirokida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi”, “Korrupsiya — jamiyatda ishonchsizlik uygʻotadi”, “Korrupsiya – kelajak zavoli” kabi mavzularda huquqiy savodxonlik soatlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
E’tiboringiz uchun rahmat!
