Poytaxtda “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” festivali bo‘lib o‘tdi
2025-11-28 12:10:00 / Yangiliklar

Ushbu festival O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida fuqarolik ongini kuchaytirish va turli millat vakillari o‘rtasidagi madaniy muloqotni kengaytirish maqsadida tashkil etildi. Tadbir doirasida milliy madaniy markazlar hamda faol talabalar ijrosida kuy va qo‘shiqlar yangrab, mehmonlarga rang-barang madaniy dastur taqdim etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik siyosati, diniy bag‘rikenglikning huquqiy asoslari, yoshlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr almashdilar. Mutasaddilarga ko‘ra, festivallar va madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar jamiyatda o‘zaro hurmat muhitini kuchaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
– “Bugungi tadbir turli millat vakillarini bir sahnada jamlab, O‘zbekistonning biz uchun umumiy uy ekanini yana bir bor namoyon qildi. Intellektual viktorina esa yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda,” — deya ta’kidladi Qo‘mita vakillaridan biri.
Festival yakunida, tashkiliy jamoalar tomonidan bunday madaniy maydonlarni kengaytirish, yoshlar o‘rtasida totuvlik, bag‘rikenglik va fuqarolik mas’uliyatini targ‘ib etuvchi qo‘shma loyihalarni davom ettirishga kelishib olindi.








