Qo‘mita raisi K. Sariyevning “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusidagi anʼanaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadagi nutqi
2025-11-15 10:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum hurmatli konferensiya ishtirokchilari, xonimlar va janoblar!
Avvalambor, mazkur Konferensiyani tashkillashtirishda ishtirok etgan barcha mas’ullarga Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman.
O‘zbekiston azaldan bag‘rikenglik, hamjihatlik va ahil-inoqlik makoni bo‘lgan.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib — jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.
Ko‘p millatli va ko‘p dinli davlatda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlik – barqarorlik va taraqqiyotga mustahkam zamin yaratuvchi, uning istiqbolini belgilab beruvchi muhim omil sanaladi.
Ko‘p millatli mamlakatimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillariga o‘z tili, madaniyati va urf-odatlarini rivojlantirishlari va e’tiqod erkinligi uchun teng sharoit yaratib berilmoqda.
Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi mustahkamlab qo‘yilgani esa bu boradagi islohotlarning qomusiy asosi hisoblanadi.
Bugungi kunda maktablarda ta’lim 7 tilda olib borilayotgani yurtimizda turli millat vakillariga mansub o‘quvchilarning o‘z ona tilida ta’lim olishi uchun sharoit yaratmoqda. Milliy tele va radiokanallar 12 tilda efir olib borayotgani, gazeta va jurnallar 14 ta tilda chop etilayotgani barchaga teng sharoitlar yaratgan holda axborotni ona tilida olish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillikni noyob ijtimoiy hodisa sifatida baholab, millatlar va elatlar, konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlikni asrash, uni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Yangi O‘zbekistonda ajdodlar ma’naviy merosiga sodiqlik asosida millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar millatlararo va konfessiyalararo munosabatlar yo‘nalishida ham yangi marralar, tashabbuslarni belgilab berdi.
Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil mart oyida qabul qilingan “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Ushbu hujjatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etildi.
Millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash, yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish, barcha millat va elatlarning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish, xorijdagi vatandoshlarning milliy o‘zligini saqlashga ko‘maklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etish, millatlararo totuvlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga ko‘maklashish Qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shuningdek, umummilliy birdamlikni ta’minlash sohasida va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash sohasida davlat siyosati konsepsiyalari loyihalarini ishlab chiqilishi belgilanganligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirilishidan dalolat beradi.
Avvalo umummilliy totuvlikni ta’minlashning muhim elementi sifatida O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, bu yo‘nalishda ishlarni tizimli amalga oshirishda milliy madaniy markazlarning o‘rni juda muhim. Bugungi kunda mamlakatimizda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyati davlatimiz tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Prezidentimizning tashabbuslari asosida 2021 yildan boshlab ushbu markazlar faoliyat ko‘rsatishi, madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarini amalga oshirishi uchun davlat subsidiyalari ajratib kelinmoqda.
Hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Do‘stlik uylari”dan joy ajratilgan va ular bu joylardan mutlaqo bepul asosda foydalanib kelmoqdalar. Toshkent shahrining markazida joylashgan Millatlararo munosabatlar qo‘mitasining binosida ham respublika hamda Toshkent shahri darajasidagi 27 ta milliy madaniy markaz to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ayniqsa, joriy yil iyul oyida Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi joylashgan bino yaqinida umummilliy totuvlikning o‘ziga xos ramzi bo‘lgan Milliy madaniy markazlar pavilonining barpo etilishi, u yerda 22 ta millatga xos bo‘lgan uylar barpo etilgani milliy madaniy markazlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining katta sovg‘asi bo‘ldi. Ushbu pavilonni hech ikkilanmasdan umummilliy totuvlik maskani deyishimiz mumkin.
30 iyul Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan joriy yil
25-31 iyul kunlari yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Do‘stlik” festivali ushbu milliy madaniy markazlar pavilonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida viloyat markazlari va chekka hududlarida xalq sayillari, konsert dasturlari, ilmiy-amaliy anjumanlar, milliy madaniy markazlar ishtirokida ko‘rgazmalar, davra suhbatlari va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, mamlakatimiz shahar va viloyatlarining xorijiy davlatlar hududlari bilan aloqalarini mustahkamlash, ular faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ushbu sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Birodar shaharlar alyansi” NNT tashkil etildi.
O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatidagi ishtiroki doirasida ilk marotaba Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti III Diaspora yoshlari forumi tashkil etildi.
Uylaymanki, millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish hamda ular o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlashda barcha vazirlik va idoralar bor kuch va g‘ayratini ayamaydi.
Qadrli do‘stlar!
O‘ylaymanki, konferensiya doirasida biz jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, turli xalqlarning tili, madaniyati va an’analarini saqlash va keyingi avlodlarga yetkazish, mamlakatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy tajriba va yutuqlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Ishonchim komilki, bugungi tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan tashabbuslar, taklif va mulohazalar mamlakatimizda do‘stlik, millatlararo totuvlik muhitini yanada mustahkamlashga, albatta, o‘z hissasini qo‘shadi.
E’tiboringiz uchun rahmat.
