Tomorqa – daromad manbai
2026-04-22 11:00:00 / Yangiliklar

Guliston shahrining Do‘stlik mahallasi 1963 yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda 1042 ta xonadon mavjud. Mahallada jami 4445 nafar aholi istiqomat qiladi, oilalar soni esa 1375 tani tashkil etadi.
Mahalla aholisining asosiy qismi tomorqachilik bilan shug‘ullanadi: 45 foizi issiqxona faoliyati bilan, 15 foizi xizmat ko‘rsatish sohasida, 5 foizi esa shirinliklar ishlab chiqarish bilan band. Qolgan aholi ham turli yo‘nalishlarda mehnat qilmoqda.
«Do‘stlik» MFY raisi Oybek Ismoilovning ta’kidlashicha, mahalla aholisi bugungi kunda Guliston shahridagi markaziy dehqon bozorini 60–70 foizga yaqin ko‘katlar va sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Jumladan, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon, salat bargi va boshqa mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Daraxtzor va Obod turmush ko‘chalarida esa to‘qsonbosti ekinlari ham yetishtirilmoqda.
Mahallaning Daraxtzor ko‘chasida istiqomat qiluvchi tajribali tomorqachi Sharof Abdumo‘minov bu borada ibratli faoliyat yuritmoqda. Xonadon egalari 50 yildan buyon tomorqachilik bilan shug‘ullanib keladi. Bahor mavsumida 8 sotix yerda pomidor, baqlajon, qalampir, bulg‘or qalampiri va rayhon ko‘chatlarini yetishtiradi. Ushbu ko‘chatlar Guliston dehqon bozoriga, shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan kelgan xaridorlarga ham sotiladi.
May oyidan boshlab pomidor va bodring ekinlari yetishtirilib, bozorga chiqariladi. Avgust oyidan yil oxirigacha esa turli ko‘katlar ekilib, uzluksiz daromad manbai yaratiladi. Sharof Abdumo‘minovning aytishicha, «Tomorqadan yiliga 100 million so‘mgacha daromad topish mumkin. Hatto shu daromad hisobiga avtomobil sotib olish ham mumkin».
Uning xonadonida 7 nafar oila a’zosi istiqomat qiladi. Tomorqadan olingan daromad nafaqat ro‘zg‘or, balki farzandlarining ta’lim xarajatlarini qoplashga ham xizmat qilmoqda.




