“Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash - korrupsiyaning oldini olish omili” mavzusida matbuot anjumani bo’lib o’tdi
2026-03-25 22:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 25-mart kuni Guliston shahri hokimligida “Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash - korrupsiyaning oldini olish omili” mavzusida matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Unda Guliston shahri hokimining birinchi o’rinbosari G’ayrat Botirov tomonidan ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bo’yicha batafsil ma’lumotlar berib o’tildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi matbuot anjumanida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so’z bordi.
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaning oldini olish, uni aniqlash va unga qarshi kurashishning huquqiy asoslari belgilab berildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Iqtisodiy va ijtimoiy sohada korrupsiyaning eng katta o‘chog‘i hisoblangan moliyaviy resurslarni taqsimlash jarayoni bugun to‘liq raqamlashtirildi. Guliston shahridagi maktablar va tibbiyot muassasasining barcha xarid tadbirlari xarid.uz hamda etender.uz portallari orqali, inson omilisiz amalga oshirilmoqda.
Shaharda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifati va shaffofligini oshirish maqsadida axborot texnologiyalari keng joriy etilmoqda:
Xususan, bolalarni bog‘chalarga qabul qilish to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, navbatlar Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn amalga oshirilmoqda. Maktablarda bitiruvchilarga shahodatnomalar berish va o‘qituvchilarni ishga qabul qilishda “E-maktab” va boshqa raqamli platformalar orqali shaffofligi ta’minlanmoqda. Tibbiyot muassasalarida bepul dori-darmonlar taqsimoti va imtiyozli yo‘llanmalar (orderlar) berish ustidan qat’iy jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.



