Payshanba — Yoshlar kuni
2026-03-19 13:15:00 / Yangiliklar

Bugun, 19-mart kuni Guliston shahrining Bog‘ishamol mahallasida muhim ijtimoiy tadbir — shahar hokimi Farrux O‘ktamjonovning yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolariga bevosita yechim topish hamda hokimiyat va yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, duch kelayotgan muammolar va kelajak rejalari haqida bemalol fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Har bir murojaatchi bilan alohida, individual tartibda suhbat olib borildi. Bu esa yoshlarning muammolarini chuqurroq o‘rganish va ularga aniq, manzilli yechimlar ishlab chiqishga xizmat qildi.
Ochiq muloqot jarayonida asosan bandlik, ta’lim, tadbirkorlikni rivojlantirish, uy-joy masalalari, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha savollar va takliflar ilgari surildi. Shuningdek, ayrim yoshlar o‘z biznes g‘oyalari va startap loyihalarini taqdim etib, ularni amalga oshirishda amaliy yordam so‘rashdi.
Qayd etish joizki, murojaatlarning aksariyatiga shu joyning o‘zida tegishli mutasaddilar ishtirokida yechim topildi. Bu esa yoshlar orasida katta mamnuniyat uyg‘otdi. Ba’zi masalalar esa qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etgani sababli shahar hokimi tomonidan alohida nazoratga olinib, tegishli tashkilot va mas’ul rahbarlarga yo‘naltirildi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularning muammolariga befarq emaslikni namoyon etish hamda davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, bu kabi ochiq muloqotlar kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar albatta e’tibordan chetda qolmasligi, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan aniq choralar ko‘rilishi qayd etildi.









