Munosabat
2025-12-26 17:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tomonidan murojaatnomada ilgari surilgan fikr va g‘oyalar jamiyatimiz taraqqiyotida mahallaning hal qiluvchi o‘rnini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Ayniqsa, asrlar davomida xalqimizni birlashtirib kelgan hamjihatlik, o‘zaro mehr-oqibat va qo‘shnichilik qadriyatlarini asrab-avaylash, yosh avlodni ana shu ruhda tarbiyalash masalalari bugungi kunda o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jamiyatda turli fikr va qarashlarning mavjudligi demokratik taraqqiyotning asosiy belgisidir. Biroq barchamizni birlashtirib turadigan eng ulug‘ g‘oya — bu Vatan manfaati, xalq manfaatidir. Ana shu ezgu maqsad sari intilishda mahalla tizimi eng ishonchli tayanch, aholini birlashtiruvchi mustahkam ko‘prik vazifasini bajaradi.
2026-yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilinishi mahallalarda ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda aholining farovonligini ta’minlash yo‘lida keng imkoniyatlar ochadi.
Guliston shahri oila va xotin-qizlar bo‘limi jamoasi mazkur yil doirasida mahallalarda tinchlik va ahillikni mustahkamlash, oilalar bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida barcha sa’y-harakatlarni safarbar etadi. Zero, mahalla tinch bo‘lsa — jamiyat tinch, mahalla ravnaq topsa — yurtimiz yuksaladi.
Aziza Payziyeva
Guliston shahri oila va xotin- qizlar bo‘limi boshlig‘i
