“AHOLINI ZILZILAGA TAYYORLASH HAFTALIGI”: XORAZMDA AMALIY MASHG‘ULOTLAR O‘TKAZILMOQDA
2026-10-19 12:30:00 / Yangiliklar

Haftalik doirasida Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ta’lim muassasalarida aholi, xususan, yoshlarning zilzilaga tayyorgarligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi o‘quvchilarga zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish qoidalarini o‘rgatish, favqulodda vaziyatlarda sarosimaga tushmaslik, xavfsiz joyni tanlash hamda o‘z hayoti va atrofdagilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.
Mashg‘ulotlar davomida mutaxassislar tomonidan zilzila sodir bo‘lishidan oldin, zilzila vaqtida va undan keyin bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar haqida batafsil tushuntirishlar berilmoqda. Shuningdek, binolarni xavfsiz tark etish, belgilangan evakuatsiya yo‘nalishlaridan foydalanish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda tegishli xizmatlarga xabar berish tartiblariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida o‘quvchilar favqulodda vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish hamda o‘zaro yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda. Bunday mashg‘ulotlar nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash, ehtimoliy xavflarni to‘g‘ri baholash va kutilmagan vaziyatlarda oqilona harakat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zilzila tabiiy ofatlarning oldindan aniq vaqtini belgilash qiyin bo‘lgan turlaridan biri hisoblanadi. Shu bois har bir fuqaro zilzila vaqtida qanday harakat qilishni bilishi, xavfsizlik choralariga amal qilishi va zarur hollarda boshqalarga yordam bera olishi lozim. Ayniqsa, yosh avlodning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish, ularda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish dolzarb vazifalardan biridir.
Xorazm viloyatida o‘tkazilayotgan mazkur targ‘ibot va amaliy tadbirlar aholining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish, zilzila oqibatlarini kamaytirish hamda inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Unutmang: zilzila vaqtida to‘g‘ri harakat qilishni oldindan o‘rganish hayotingizni saqlab qolishi mumkin!









