⚡️ BOZORLARDA ELEKTR JIHOZLARI VA TARMOQLARI SINOVDAN O‘TKAZILMOQDA
2026-10-09 12:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul xodimi, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutaxassislari hamkorligida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-sentabrdagi 393-F-son farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat bozorlarida elektr qurilmalari va tarmoqlarining texnik holati o‘rganilmoqda.
🔎 O‘rganishlar davomida bozorlarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformatorlar, elektr taqsimlash qutilari, shuningdek, iste’molchilarga tortilgan elektr simlari va kabellarning texnik holati, iste’mol quvvatiga muvofiqligi hamda belgilangan talablar asosida o‘rnatilgani tekshirilmoqda.
⚙️ Jumladan, elektr tarmoqlari va qurilmalarining xavfsiz ishlashini baholash, ortiqcha yuklama, qisqa tutashuv va elektr simlarining qizib ketishi kabi xavfli holatlarning oldini olish maqsadida maxsus elektr-texnik laboratoriya qurilmasi yordamida tegishli sinovlar o‘tkazilmoqda.
✅ Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi — bozorlarda elektr energiyasidan xavfsiz foydalanishni ta’minlash, elektr qurilmalaridagi nosozliklarni barvaqt aniqlash hamda elektr toki bilan bog‘liq yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishdan iborat.









