Talaba-yoshlar xavfsizligi — ustuvor vazifa
2026-10-08 17:00:00 / Yangiliklar

Bugun Urganch davlat universitetida kuz-qish mavsumida talaba-yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, yong‘inlar hamda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan seminar o'tkazildi.
Unda Talabalar turar joylari direksiyasi direktori Erkinboy Ernazarov, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Uchqun Tursunbayev, Urganch shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Shixnazar Xudashukurov, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda talabalarning turar joylari va ijara xonadonlarida xavfsiz yashash sharoitlarini ta’minlash, kuz-qish mavsumida yong‘in hamda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish, elektr va gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanishni ta’minlash, isitish tizimlari va dudburonlarning sozligini nazorat qilish, ijara xonadonlarini xatlovdan o‘tkazish hamda “Tyutor nazorati” tizimini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish va talaba-yoshlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.









