VOLONTYORLAR BELLASHDI
2026-10-02 18:00:00 / Yangiliklar

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, fuqaro muhofazasi hamda yong‘in xavfsizligi borasidagi bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Volontyor-qutqaruvchi” musobaqasining Xorazm viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada viloyatning shahar va tumanlarida tashkil etilgan “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoalari ishtirok etib, o‘zaro kuch sinashdilar.
Bellashuv davomida yosh volontyorlar favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha nazariy bilimlari bilan bir qatorda, amaliy tayyorgarliklarini ham namoyish etdilar. Jumladan, ishtirokchilar “Savol-javob”, “Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish”, “Dor yo‘li va chodir tikish”, “Krossfit” hamda “Estafeta” shartlari bo‘yicha bellashdilar.
Har bir shart ishtirokchilardan bilim, chaqqonlik, jismoniy tayyorgarlik, tezkorlik va jamoaviy hamjihatlikni talab etdi. Ayniqsa, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha topshiriqlar volontyorlarning amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv yakunlariga ko‘ra, Bog‘ot tumani jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Gurlan tumani jamoasi ikkinchi, Shovot tumani jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda yuqori natijalarni qayd etgan jamoalarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bunday musobaqalar yoshlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular sodir bo‘lganda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, ularda jamoaviylik, mas’uliyat, jasorat va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.








