KUZ-QISH MAVSUMINI XAVFSIZ O‘TKAZISH — HAR BIRIMIZNING VAZIFAMIZ
2026-09-28 15:00:00 / Yangiliklar

“Yong‘indan ogohlik — umummilliy kampaniyasi oyligi” doirasida Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda aholi xonadonlarida nazorat va profilaktik tadbirlar izchil olib borilmoqda.
Tadbirlarning asosiy maqsadi — kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish, is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik hamda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Profilaktik tadbirlar davomida aholi xonadonlari xonadonbay o‘rganilib, isitish tizimlarining holatiga, gaz va elektr jihozlaridan foydalanish xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Fuqarolarga kuz-qish mavsumi boshlanishidan avval mo‘ri va dudburonlarni tozalash, ularning sozligini tekshirish, gaz hamda elektr moslamalaridan foydalanishda belgilangan xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.
Shuningdek, isitish moslamalarini nazoratsiz qoldirmaslik, nosoz yoki qo‘lbola elektr va gaz qurilmalaridan foydalanmaslik, xonalarni isitishda ochiq olovdan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarurligi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Yong‘in va is gazi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishda har bir fuqaroning hushyorligi va xavfsizlik qoidalariga amal qilishi muhim ahamiyatga ega.









