YANGIBOZOR TUMANIDA OMMAVIY SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI
2026-09-25 14:00:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, ularning muammolarini joyida hal etish hamda tizim faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Navbatdagi ommaviy sayyor qabul Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik X. Raxmetov tomonidan Yangibozor tumanida o‘tkazildi.
Sayyor qabul Yangibozor tumani istirohat bog‘idagi “Yoshlar” markazi binosida tashkil etilib, unda tadbirkorlar, fuqarolar hamda Favqulodda vaziyatlar bo‘limlarida xizmat qilayotgan qutqaruvchilar ishtirok etdi.
Muloqot davomida fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlari, takliflari hamda ularni qiynab kelayotgan muammolari tinglandi. Jumladan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, obyekt va hududlarda xavfsizlik talablariga rioya etish, fuqarolarning hayoti va mol-mulkini muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tizimda xizmat qilayotgan qutqaruvchilarning xizmat faoliyati davomida duch kelayotgan masalalari, ularning taklif va tashabbuslari ham o‘rganildi.
Qabul jarayonida murojaatlarning har biri mas’ullar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, murojaatchilarga tegishli tushuntirishlar berildi. Joyida hal etish imkoniyati mavjud bo‘lgan masalalar yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi, qo‘shimcha o‘rganish va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni talab etadigan murojaatlar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bunday sayyor qabullar aholi va tadbirkorlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammolarini joyida o‘rganish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi — fuqarolar murojaatlari va xavfsizligini ta’minlash masalalariga doimo e’tibor qaratadi.









