HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI — DOIMIY E’TIBORDA
2026-09-10 10:00:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va xizmatchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash borasidagi profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi “Payshanba — huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida Urganch harbiy prokurori, adliya polkovnigi Tohir Jo‘rayev hamda Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ilyos Matchanov boshchiligida Yangibozor tumani va Urganch shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limlarida o‘rganish ishlari olib borildi.
Avvalo, bo‘linmalarda harbiy xizmatchilar va qutqaruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, xizmat xonalari, moddiy-texnik ta’minot hamda xizmat faoliyatini samarali tashkil etish holati ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar davomida xodimlarning xizmat vazifalarini munosib va xavfsiz sharoitlarda bajarishi, ularning mehnat va maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar va qutqaruvchilar ishtirokida “Korrupsiya — milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda korrupsiyaning jamiyat va davlat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning turli ko‘rinishlarining oldini olish, korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatni shakllantirish hamda har bir xodimning bu boradagi shaxsiy mas’uliyati haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbirda, ayniqsa, xizmat faoliyatida qonuniylik va halollik tamoyillariga qat’iy amal qilish, mansab vakolatlaridan to‘g‘ri foydalanish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolar bilan munosabatlarda ochiqlik va xolislikni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilik talablari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oqibatlari va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Davra suhbati ochiq muloqot va savol-javoblar tarzida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan javob oldilar.
Ta’kidlash joizki, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va aholining xavfsizligini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani bajarayotgan har bir xodimdan nafaqat yuqori kasbiy mahorat, balki halollik, fidoyilik, intizom va qonunlarga qat’iy rioya qilish ham talab etiladi.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish — faqatgina tegishli idoralarning emas, balki jamiyatning har bir a’zosi, xususan, davlat xizmatidagi har bir xodimning muhim burchidir.









