JASORAT VA MATONAT SINOVIDA ENG MUNOSIBLAR ANIQLANDI
2026-07-28 11:00:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyatida otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, ularning jismoniy tayyorgarligi, ma'naviy-ruhiy salohiyati hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan "Jasorat va matonat" musobaqasining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqada viloyatning 13 ta shahar va tumanidan jami 104 nafar yosh ishtirok etib, o‘zaro 5 ta shart bo‘yicha kuch, chaqqonlik, zukkolik va jamoaviy hamjihatlikda bellashdilar. Ishtirokchilar har bir shartda o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, qat'iyati, shijoati va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini namoyon etishdi.
Musobaqa davomida yoshlar nafaqat g‘oliblik uchun kurashdilar, balki o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi tajribaga ham ega bo‘ldilar. Bunday tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kelajakda yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiladigan barkamol shaxslar etib voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra:
🥇 1-o‘rin — Yangibozor tumani jamoasi;
🥈 2-o‘rin — Xonqa tumani jamoasi;
🥉 3-o‘rin — Shovot tumani jamoasi.
Shuningdek, umumjamoa hisobida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Yangibozor tumani jamoasi musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Yoshlarning jasorati, matonati va Vatanga sadoqatini namoyon etgan ushbu musobaqa ularning kelgusidagi yutuqlari uchun mustahkam zamin yaratishi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidoyi va mas'uliyatli avlodni tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.









