Hazorasp tumanida Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi
2026-07-23 09:55:00 / Yangiliklar

Hazorasp tumanida aholi xavfsizligini ta'minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda bunday holatlarda mutasaddi tashkilotlarning hamkorlikdagi harakatlarini yanada takomillashtirish maqsadida keng ko‘lamli Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari tashkil etildi.
O‘quv mashqlari doirasida tumandagi barcha korxona va tashkilotlarda tasdiqlangan reja asosida amaliy tadbirlar o‘tkazilib, ularning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasi, mavjud kuch va vositalarning shayligi, xodimlarning tezkor hamda muvofiqlashtirilgan harakatlari sinovdan o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar amaliy jihatdan namoyish etildi.
Shuningdek, tumanning "Ovshar" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida suv toshqini bilan bog‘liq favqulodda vaziyat yuzaga kelganda aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikdagi Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi. Mashqlar davomida favqulodda vaziyat yuz bergan sharoitda aholining xavfsizligini ta'minlash, ularni belgilangan tartibda evakuatsiya qilish hamda zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha xizmatlarning o‘zaro hamkorligi amaliy tarzda sinovdan o‘tkazildi.
O‘quv mashqlarida Hazorasp tumani evakuatsiya komissiyasi hamda mahalla "yettiligi"ning muvofiqlashtirilgan faoliyati, tuman hokimi – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining harakatdagi boshqaruv punkti ishlari, evakuatsiya qilingan fuqarolarni qabul qilish maskanining faoliyati, shuningdek, birinchi tibbiy yordam otryadining dala sharoitida xizmat ko‘rsatish jarayonlari amaliy ko‘rinishda namoyish etildi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, kuch va vositalarni samarali boshqarish, aholini xavfsiz hududlarga o‘z vaqtida ko‘chirish hamda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamladilar.
Bunday o‘quv mashqlari favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish, aholi hayoti va salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, barcha mas'ul tashkilotlarning hamkorligini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









