GURLAN TUMANIDA SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI
2026-07-22 13:20:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik I.S. Matchanov tomonidan Gurlan tumanining "Nukus" mahallasida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabuldan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni bevosita joyiga chiqib o‘rganish hamda mavjud masalalarga amaliy yechim topishdan iborat bo‘ldi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan ishga joylashish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, qurilish va obodonlashtirish ishlari, kommunal sohadagi muammolar hamda ayrim hududlarda uchrayotgan noqonuniy qurilishlar bilan bog‘liq murojaatlar bildirildi. Ayniqsa, doimiy ish o‘rniga ega bo‘lish istagini bildirgan yoshlarning murojaatlari alohida e’tibor bilan ko‘rib chiqildi.
Har bir murojaat mas’ul mutaxassislar ishtirokida atroflicha o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish va tegishli idoralar bilan hamkorlikni talab qiladigan murojaatlar nazoratga olinib, ijrosi yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolarning fikr va takliflari ham tinglanib, ularni qiynayotgan masalalarni tezkor va samarali hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi. Bu kabi uchrashuvlar davlat organlari va aholi o‘rtasidagi ishonchli muloqotni yanada mustahkamlash, fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish hamda hududlarda ijtimoiy muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan joylarda sayyor qabullarni muntazam tashkil etish orqali fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning muammolariga amaliy yechim topish hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.






