TUPROQQAL'A TUMANIDA SAYYOR QABUL VA MEHNAT YARMARKASI TASHKIL ETILDI
2026-07-21 14:35:00 / Yangiliklar

Aholining murojaatlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish, mavjud muammolarni tizimli hal etish hamda fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Tuproqqal'a tumani Xalq qabulxonasida Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Uchqun Tursunbayev tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ishga joylashish, ijtimoiy masalalar, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi hamda boshqa yo‘nalishlarga oid murojaatlar tinglandi. Har bir murojaat yuzasidan amaldagi qonunchilik asosida huquqiy tushuntirishlar berilib, ijrosi muddat talab etadigan masalalar tegishli tartibda nazoratga olindi hamda mas'ul mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Tadbir doirasida yoshlar bandligini ta'minlashga qaratilgan mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda turli korxona va tashkilotlar tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, kasbga o‘qitish va bandlikka ko‘maklashish imkoniyatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyatiga biriktirilgan yoshlar ham mazkur mehnat yarmarkasida faol ishtirok etdilar. Ular o‘z qiziqishlari va mutaxassisliklariga mos bo‘lgan ish o‘rinlari bilan tanishib, mutaxassislar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazdilar. Natijada bir qator yoshlar doimiy ish o‘rinlariga yo‘llanma olib, bandligi ta'minlandi.
Bunday sayyor qabullar va mehnat yarmarkalari aholi murojaatlariga tezkor yechim topish, yoshlar bandligini ta'minlash hamda ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.









