JURNALIST VA BLOGERLAR UCHUN MATBUOT ANJUMANI TASHKIL ETILDI
2026-07-17 17:30:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari, matbuot kotiblari, jurnalist va blogerlar ishtirokida “Yoz mavsumida yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan “Dolzarb 60 kun” tadbirlari, yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va statistik tahlillar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanidan ko‘zlangan asosiy maqsad yoz mavsumida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish, boshqarma faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda jurnalist va blogerlarning savollariga batafsil javob berishdan iborat bo‘ldi.
Anjumanni Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik Raxmetov Xayrulla Sharifbayevich ochib berdi.
Shundan so‘ng boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Tursunbayev Uchqun Yo‘ldashevich respublikamizda joriy yilning 5-iyulidan 5-sentabriga qadar o‘tkazilayotgan “Dolzarb 60 kun” profilaktik tadbirlarining maqsad va vazifalari, yoz mavsumida yong‘inlar sonini kamaytirish, fuqarolarning hayoti va mol-mulkini ishonchli himoya qilish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Matbuot anjumanida 2026-yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyatda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, yong‘inlar hamda suv bilan bog‘liq hodisalar yuzasidan statistik tahlillar ham taqdim etildi. Mutaxassislar tomonidan sodir bo‘lgan hodisalarning asosiy sabablari, ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, “Dolzarb 60 kun” tadbirlari doirasida bozorlarda, savdo majmualarida, ko‘p qavatli turar joylarda, sanoat korxonalarida, ijtimoiy soha obyektlarida hamda aholining gavjum maskanlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilayotgani qayd etildi. Hududlarda tungi maxsus-taktik o‘quv mashqlari, profilaktik reydlar, fuqarolar bilan ochiq muloqotlar, ko‘rgazmali targ‘ibot tadbirlari va amaliy o‘quv mashg‘ulotlari muntazam tashkil etilayotgani haqida ma’lumot berildi.
Anjuman davomida yozning jazirama kunlarida elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, ochiq olovdan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, quruq o‘t-o‘lanlarni yoqmaslik, bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik, shuningdek, suv havzalarida cho‘milishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ayniqsa, fuqarolar faqat ruxsat etilgan va nazorat ostidagi cho‘milish maskanlaridan foydalanishga, voyaga yetmaganlarni kattalar nazoratisiz suv havzalariga yubormaslikka chaqirildi.
Ta’kidlanganidek, yoz mavsumida favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik yanada kuchaytirilib, ommaviy axborot vositalari, internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari izchil davom ettirilmoqda. Bu borada jurnalist va blogerlarning aholiga tezkor, ishonchli va xolis axborot yetkazishdagi o‘rni alohida e’tirof etildi.
Tadbirning savol-javob qismida OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar yong‘in xavfsizligi, suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik, aholi bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar hamda “Dolzarb 60 kun” doirasidagi ishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarni mutaxassislarga yo‘lladilar. Mutasaddilar tomonidan barcha savollarga batafsil va asosli javoblar berildi. Matbuot anjumani ochiq muloqot, konstruktiv fikr almashish va hamkorlik ruhida o‘tib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda aholi xavfsizligini ta’minlash yo‘lida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi yana bir bor ta’kidlandi.









