🛑 "Dolzarb 60 kun" doirasida tungi maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi
2026-07-16 09:30:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan "Dolzarb 60 kun" tadbirlari doirasida Urganch tumanida joylashgan "Yoqub Razzoq" universal savdo kompleksi hamda Xonqa markaziy dehqon bozori hududlarida tungi maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
O‘quv mashqlari davomida savdo majmualari va bozorlarda shartli ravishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘in hamda boshqa favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish, kuch va vositalarni boshqarish, qutqaruv ishlarini samarali tashkil etish hamda hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari amaliy tarzda sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, obyektlarning yong‘inga qarshi holati, evakuatsiya yo‘laklari, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarining sozligi hamda xodimlarning favqulodda vaziyatlarda harakatlanish ko‘nikmalari ham ko‘zdan kechirildi.
Bunday o‘quv mashqlari favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish, aholi va obyektlar xavfsizligini ta’minlash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan talafotlarning oldini olishga xizmat qiladi.









