HUQUQBUZARLIKLARNING OLDINI OLISH VA XIZMAT INTIZOMINI MUSTAHKAMLASHGA QARATILGAN SEMINAR O‘TKAZILDI
2026-07-04 14:00:00 / Yangiliklar

Belgilangan reja asosida Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida huquqbuzarliklarning oldini olish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan profilaktik seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar Zoom platformasi orqali onlayn tarzda o‘tkazilib, unda Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi hamda viloyatdagi barcha shahar va tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda Boshqarma boshlig‘i polkovnik I. Matchanov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul xodimi B. Avazmetov, boshqarmaning mas’ul xodimlari, shuningdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimi Q. Matyaqubov qatnashdi.
Seminar avvalida "Korrupsiya — iqtisodiy va ijtimoiy muammolar manbai!" mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda korrupsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, ushbu illatga qarshi murosasiz kurashish, davlat xizmatida halollik, shaffoflik va qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad shaxsiy tarkib o‘rtasida harbiy va xizmat intizomini mustahkamlash, huquqbuzarlik va qonun buzilishi holatlarining oldini olish, korrupsiyaga oid har qanday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, harbiy xizmatchi va xizmatchilarning huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishdan iboratdir.
Seminarning ikkinchi qismida yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Q. Matyaqubov tomonidan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etish, transport vositalarini boshqarishda mas’uliyatni oshirish hamda xizmat va shaxsiy avtomobillardan foydalanishda xavfsizlik talablariga amal qilish yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, viloyatda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari tahlil qilinib, keyingi vaqtlarda kuzatilayotgan avtohalokatlarning asosiy sabablari, ularning ayanchli oqibatlari hamda bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi. Shaxsiy tarkibning hushyorligi va mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida yo‘l-transport hodisalari oqibatlarini yorituvchi videolavha namoyish etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga xizmat intizomiga qat’iy rioya etish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish, yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz amal qilish hamda xizmat faoliyati davomida qonunchilik talablarini og‘ishmay bajarish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.









