OILA FAROVONLIGI — JAMIYAT TARAQQIYOTI GAROVI
2026-06-09 15:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni mas’uliyatli oilaviy hayotga tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki oila — jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini, inson kamoloti va farovon hayotining mustahkam poydevoridir.
Shu maqsadda Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida “Oilamiz — kelajagimiz” mavzusida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus chora-tadbirlar dasturi asosida o‘tkazilib, unda boshqarma va uning tarkibiy tuzilmalari harbiy xizmatchilari, xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari faol ishtirok etdilar.
Dastur doirasida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, sport musobaqalari, sayyor tibbiy ko‘riklar va targ‘ibot tadbirlari tashkil qilindi. Tadbirlarning asosiy maqsadi jamoalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilalarda o‘zaro hurmat va mas’uliyat hissini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirlar davomida mutaxassislar tomonidan oilalarda turli nizoli holatlarning oldini olish, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, oiladagi sog‘lom muhitning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha tushuntirish ishlari olib borildi. Ishtirokchilar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, oilalarda uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tadbirlarning eng qiziqarli qismi harbiy xizmatchi va xizmatchilar farzandlari uchun tashkil etilgan maxsus-texnikalar namoishlari, madaniy-ma’rifiy va sport musobaqalari bo‘ldi. Xususan, “Men ham qutqaruvchi bo‘laman” shiori ostida rasm chizish tanlovi o‘tkazilib, unda bolalar o‘z tasavvurlari orqali qutqaruvchilarning mashaqqatli va sharafli mehnatini aks ettirdilar. Shuningdek, shashka, shaxmat, kamondan o‘q otish musobaqalari hamda turli estafeta bellashuvlari tashkil etilib, yosh ishtirokchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sport va sog‘lom turmush tarziga qiziqtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirlarga malakali psixologlar ham jalb etildi. Ular tomonidan xodimlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash, stressli vaziyatlarni boshqarish, xizmat faoliyatida uchrashi mumkin bo‘lgan ruhiy bosimlarni yengib o‘tish hamda ish samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilindi. Bundan tashqari, jamoalardagi ijtimoiy-ruhiy muhitni o‘rganish maqsadida maxsus test va so‘rovnomalar o‘tkazilib, psixologik ko‘makka muhtoj bo‘lgan xodimlar bilan individual suhbatlar olib borildi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida tashkil etilgan sayyor tibbiy ko‘rik davomida harbiy xizmatchilar, xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari malakali shifokorlar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik jarayonida ishtirokchilarning salomatlik holati chuqur o‘rganilib, kasalliklarning erta profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mutaxassislarning tavsiya va maslahatlari berildi. Zarur hollarda fuqarolarga qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlardan o‘tish va davolanish yuzasidan tegishli yo‘llanmalar tavsiya etildi. Mazkur tibbiy ko‘riklar xodimlar va ularning oila a’zolari salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirlar yakunida faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar, xizmatchilar va ularning oila a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqarma rahbariyati tomonidan diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, tadbirlar doirasida ishtirokchilar uchun madaniy hordiq chiqarish dasturlari ham tashkil etildi. Harbiy xizmatchilar, xizmatchilar va ularning oila a’zolari kinoteatrga taklif qilinib, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega filmlarni tomosha qildilar.
Bunday tadbirlar oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, jamiyatda oilaning o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, xodimlarning ruhiy barqarorligini ta’minlash hamda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Zero, mustahkam oila — farovon jamiyat va porloq kelajakning eng muhim omillaridan biridir.









