“Oilaga sharqona sadoqat”
2026-06-03 11:30:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirokida “Oilaga sharqona sadoqat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo‘limining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi D. Sulaymonova, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik I. Matchanov hamda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari mayor F. Islomova ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, tizimda xizmat qilayotgan ayol xodimalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, ijtimoiy himoya va imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Samimiy muloqot tarzida o‘tgan tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berilib, xotin-qizlarning xizmat faoliyatida uchrayotgan ayrim masalalar yuzasidan taklif va mulohazalar tinglandi. Shuningdek, mas’ul mutaxassislar joylarga chiqqan holda ayol xodimalarning xizmat va mehnat faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ularning ijtimoiy holati hamda xizmatni samarali olib borishlari uchun yaratilgan imkoniyatlarni o‘rgandilar. Mazkur uchrashuv xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda ayollarning faolligi va nufuzini yanada oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlardan biri bo‘ldi.









