Rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi
2026-07-02 16:00:00 / Harbiy Vatanparvarlik tadbirlari

Bugun poytaxtimizdagi "Tashkent city" maxsus qutqaruv otryadida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga biriktirilgan otaliqqa olingan yoshlar hamda Favqulodda vaziyatlar volontyorlari ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv davomida yoshlarga favqulodda vaziyatlarning oldini olish, hayot xavfsizligini ta’minlash, turli ekstremal holatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalari hamda bugungi kunda favqulodda vaziyatlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, bosh boshqarma boshlig‘i Muxtor Yashnarovich o‘zining kasbiy faoliyati, xizmat davomida orttirgan tajribasi hamda mas’uliyatli kasb egasi bo‘lishning ahamiyati haqida samimiy fikrlarini bildirib o‘tdi. Ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik, hushyorlik va jamiyat oldidagi mas’uliyat ruhida tarbiyalash borasidagi mulohazalari ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida davom etib, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Tadbirning ikkinchi qismi doirasida FVV Fuqaro muhofazasi institutiga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida yoshlar favqulodda vaziyatlar sodir bo'lganda to'g'ri harakatlanish qoidalari va simulyatsiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni hayotiy sinovlarga tayyorlash hamda yurt ravnaqi yo‘lida faol va tashabbuskor bo‘lishga undashi ta’kidlandi.









