Termizda “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida namoyishkorona yurish o‘tkazildi
2026-10-16 14:00:00 / Yangiliklar
Termiz shahrida viloyatdagi kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari va yoshlar ishtirokida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida namoyishkorona yurish tashkil etildi. Unda Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi ham faol ishtirok etdi.
Yurish shahardagi “Vatanparvarlar” bog‘idan boshlanib, shahar ko‘chalari bo‘ylab Mustaqillik maydoniga qadar davom etdi. Tadbir aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratildi.
Tadbir davomida giyohvandlikning inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat kelajagiga salbiy ta’siri ta’kidlanib, yoshlarni ushbu illatdan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, faxriy qorovulning namoyishkorona chiqishlari va Termiz garnizoni harbiy orkestrining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Zero, giyohvandlikka qarshi kurashish — har birimizning burchimiz, sog‘lom avlod esa yurtimiz kelajagidir!








