SURXONDARYODA BOZORLARDA YONG‘IN XAVFSIZLIGI BO‘YICHA O‘RGANISH ISHLARI OLIB BORILMOQDA
2026-10-13 16:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, polkovnik S. Zuparov boshchiligida Surxondaryo viloyatining Denov va Sho‘rchi tumanlaridagi savdo obyektlarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Dastlab, Denov tumanidagi “Baraka yashil olami” MChJga qarashli bozor hamda “Bek” savdo markazida, shuningdek, Sho‘rchi tumanidagi “Sho‘rchi Janub Savdo” MChJga qarashli “Fayz” savdo markazida xavfsizlik holati o‘rganildi.
Jarayonda kirish-chiqish yo‘laklari, evakuatsiya yo‘llari, suv manbalari, yong‘in o‘chirish vositalari hamda zamonaviy yong‘in xavfsizligi qurilmalarining holati ko‘zdan kechirildi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul rahbarlarga, jumladan, savdo obyektlari rahbarlariga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, ularning ijrosini ta’minlash vazifalari belgilandi.
Asosiy maqsad — savdo obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda fuqarolar hayoti va mol-mulkini muhofaza qilish.










