“Gulobod yog‘och" bozorida tungi maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi
2026-10-12 11:30:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Sh. Fayzullayev rahbarligida Samarqand tumanida joylashgan “Gulobod yog‘och" bozorida tungi vaqtda maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
O‘quv mashqidan ko‘zlangan asosiy maqsad — bozorda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining tezkor harakatlanishi va amaliy tayyorgarligini oshirish, shuningdek, jalb etilgan kuch va vositalarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlashdan iborat.
Mashg‘ulot davomida shartli yong‘in holati yuzasidan amaliy harakatlar bajarildi. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining voqea joyiga tezkor yetib kelishi, vaziyatni baholashi, kuch va vositalarni to‘g‘ri joylashtirishi hamda yong‘inni o‘chirish ishlarini tashkil etishiga alohida e’tibor qaratildi.
Bozorda yog‘och mahsulotlari va boshqa tez alangalanuvchi materiallar mavjudligini inobatga olgan holda, shartli yong‘inning kengayib ketishining oldini olish, olovni o‘rab olish va uni qisqa vaqt ichida bartaraf etish bo‘yicha harakatlar mashq qilindi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda tegishli xizmatlarning hamkorlikda harakat qilishi hamda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish masalalari sinovdan o‘tkazildi.
O‘quv mashqi davomida belgilangan vazifalar amaliy jihatdan bajarilib, jalb etilgan kuch va vositalarning hamkorlikdagi harakatlari sinovdan o‘tkazildi.
Bunday mashg‘ulotlar yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining kasbiy mahoratini oshirish, favqulodda vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda insonlar hayoti va mol-mulkini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan bozorlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.









