Isitish mavsumini xavfsiz boshlaylik!
2026-10-09 10:50:00 / Yangiliklar

Isitish mavsumini xavfsiz boshlaylik!
Ishtixon tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan “Isitish mavsumini xavfsiz boshlaylik” oyligi doirasida aholi xonadonlarida yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, tumandagi Q. Qarshiyev va Namuna mahallalarida volontyorlar hamkorligida mahallabay va xonadonbay tartibda targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Tadbirlar davomida fuqarolarga isitish mavsumida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish, isitish pechlari va mo‘rilarni soz holatda saqlash, elektr isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish hamda gaz jihozlarini ishlatishda belgilangan talablarga amal qilish yuzasidan tushunchalar berilmoqda.
Shuningdek, tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘i vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish, nosoz isitish uskunalari hamda shamollatish tizimlarining talab darajasida ishlamasligi is gazidan zaharlanish, yong‘in va havo-gaz aralashmasining chaqnashi kabi noxush holatlarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aholi ogohlantirilmoqda.
Volontyorlar ishtirokida tashkil etilayotgan ushbu tadbirlar orqali fuqarolarning favqulodda vaziyatlarga nisbatan ogohligini oshirish, xavfsizlik madaniyatini shakllantirish va har bir xonadonda ehtiyot choralariga amal qilinishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yodda tuting: xavfsizlik qoidalariga rioya qilish — o‘z hayotingiz va yaqinlaringiz hayotini asrashning muhim garovidir!




