Xavfsizlikka e’tibor — favqulodda vaziyatlarning oldini olish garovi
2026-10-06 15:15:00 / Yangiliklar

Ishtixon tumanida o‘tkazilayotgan “Isitish mavsumini xavfsiz boshlaylik” oyligi doirasida 1-son texnikumda yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida texnikum binosidagi yong‘inga qarshi tizimlar, evakuatsiya yo‘laklari, elektr tarmoqlari va isitish moslamalaridan foydalanish holati o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, pedagoglar va talabalar ishtirokida o‘quv-amaliy seminar tashkil etilib, unda yong‘inlarning kelib chiqish sabablari, elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish, kuz-qish mavsumida isitish moslamalarini to‘g‘ri ishlatish hamda favqulodda vaziyat yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish tartibi tushuntirildi.
Ishtirokchilarga nosoz va qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmaslik, elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama bermaslik, gaz va elektr jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Bunday profilaktik tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini oshirish va kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazishga xizmat qiladi.








