Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobotlar tinglandi
2026-09-30 20:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 30-sentyabr kuni Samarqand viloyatida 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, energetika va gaz tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Erta tongdan berilgan yig‘in signali asosida Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Situatsiya markazida mas’ul rahbarlar va tegishli xizmatlar vakillari jamlandi.
Unda Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari N. Kadirov, viloyat hokimi o‘rinbosari N. Rahmonov, Samarqand viloyati FVB boshlig‘i G‘. Muxamedov, Samarqand harbiy prokurori o‘rinbosari B.Xudoyberdiyev, shuningdek, Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (FVDT) xizmatlari rahbarlari va mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda o‘quv mashqining maqsad va vazifalari, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, energetika va gaz tizimlarining barqaror faoliyatini ta’minlash hamda ehtimoliy favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng, mas’ul soha vakillarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hududlarida belgilangan ssenariylar asosida o‘tkaziladigan maxsus-taktik o‘quv mashqlariga start berildi.








