Ishtixonda kuz-qish mavsumida tibbiyot muassasalarida xavfsizlikka e’tibor kuchaytirilmoqda
2026-09-25 13:00:00 / Yangiliklar

Ishtixon tumanida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish maqsadida tibbiyot muassasalarida profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Navbatdagi tadbirda Ishtixon tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari, volontyorlar hamda tibbiyot muassasasining ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
Profilaktik suhbat davomida tibbiyot muassasalarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, elektr va gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, isitish moslamalarini nazoratsiz qoldirmaslik hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yong‘in yoki boshqa favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda xodimlarning to‘g‘ri harakat qilishi, bemorlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda tezkor xizmatlarga xabar berish tartibi yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida xodimlarga kuz-qish mavsumida xavfsizlik talablariga rioya qilish, mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va ehtiyot choralarini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Bunday profilaktik tadbirlar tibbiyot muassasalarida yong‘in va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xodimlar hamda bemorlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.





