Rahbar va yoshlar: ochiq muloqot va samimiy suhbat
2026-09-25 09:55:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida tizimga yangi ishga qabul qilingan yosh harbiy xizmatchilar bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda Samarqand viloyati FVB boshlig‘i, polkovnik G‘. Muxamedov ishtirok etib, yosh harbiy xizmatchilar bilan ochiq va samimiy muloqot qildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi tizimga yangi qabul qilingan yosh harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyatiga moslashuvini o‘rganish, ularning fikr va takliflarini tinglash, xizmat davomida duch kelayotgan masalalarni muhokama qilish hamda kelgusidagi faoliyati uchun zarur tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida yosh harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati, kasbiy qiziqishlari, kelgusidagi maqsadlari va tizimda o‘z o‘rnini topishiga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Boshqarma boshlig‘i yosh harbiy xizmatchilarga Favqulodda vaziyatlar tizimida xizmat qilish katta mas’uliyat, intizom va fidoyilikni talab etishini ta’kidladi. Har bir xodim o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishi, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borishi, xizmat intizomiga qat’iy rioya qilishi lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, yosh harbiy xizmatchilarga tajribali xodimlardan o‘rnak olish, ustozlar tajribasidan unumli foydalanish, amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etish va favqulodda vaziyatlarda tezkor hamda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Suhbat davomida yosh kadrlar uchun jamoada sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni ta’minlash, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash, qonuniylik va halollik tamoyillariga qat’iy amal qilish muhimligi ham alohida ta’kidlandi.
Ayniqsa, xizmat faoliyatida har qanday huquqbuzarlik va korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat vakolatlaridan faqat qonun doirasida foydalanish, har bir vazifaga mas’uliyat bilan yondashish zarurligi tushuntirildi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida yosh harbiy xizmatchilarning fikrlari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Bunday ochiq muloqotlar yosh xodimlarning xizmatga moslashuvi, kasbiy salohiyatini oshirishi, rahbariyat bilan bevosita fikr almashishi hamda tizim oldidagi vazifalarni chuqur anglashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqand viloyati FVBda yosh harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va yosh kadrlar salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.









