Huquqbuzarliklar profilaktikasi kunida muhim mavzu muhokama qilindi
2026-09-10 15:30:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni doirasida harbiy xizmatchilar ishtirokida “Davlat va harbiy sirlarni saqlash — har bir harbiy xizmatchining majburiyati” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilarga xizmat faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash, davlat va harbiy sirlarni saqlash, xizmatga oid axborotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda hushyorlik va mas’uliyatni kuchaytirish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, davlat va harbiy sirlarni saqlash har bir harbiy xizmatchining nafaqat xizmat vazifasi, balki Vatanga sadoqat va harbiy qasamyod talablaridan kelib chiqadigan muhim burchidir. Amaldagi tartibga ko‘ra, harbiy xizmatchilar davlat va harbiy sirlarni saqlashga qasamyod qiladilar.
Shuningdek, xizmat faoliyatiga oid ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish, begona shaxslarga ma’lum qilish yoki axborot xavfsizligi talablariga rioya qilmaslik turli huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirildi. Axborot xavfsizligini ta’minlash va xizmat sirlariga oid ma’lumotlarni himoya qilish harbiy intizomning muhim tarkibiy qismi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida har bir harbiy xizmatchi xizmat davomida o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishi, maxfiylik talablariga qat’iy rioya qilishi hamda davlat manfaatlarini himoya qilishda doimo hushyor va ogoh bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
