🏆 Ishtixonlik yoshlar FVV kubogi uchun o‘tkazilgan “Jasorat va matonat” musobaqalarining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi
2026-07-30 09:00:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi uchun mahalla yoshlari o‘rtasida tashkil etilgan “Jasorat va matonat” sport musobaqalarining viloyat bosqichi tantanali tarzda yakunlandi.
Yopilish marosimida Boshqarma boshlig‘i Gʻ.Muxamedov so‘zga chiqib, musobaqa ishtirokchilarini erishgan natijalari bilan tabrikladi hamda bunday musobaqalar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng musobaqa g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
🥇 1-o‘rinni — Ishtixon tumani yoshlari;
🥈 2-o‘rinni — Kattaqo‘rg‘on shahar yoshlari;
🥉 3-o‘rinni — Paxtachi tumani yoshlari egalladi.
G‘olib va sovrindorlar medal, diplom, kubok hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar va mehmonlar uchun kuy-qo‘shiqlar, madaniy dasturlar hamda ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.









