MATBUOT ANJUMAN
2026-07-08 10:30:00 / Matbuot anjumanlari

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2026-yil 4-iyuldagi 125-sonli bayoniga ko’ra joriy yilning 5-iyuldan 5-sentyabrga qadar Respublikamiz hududida “Dolzarb 60 kun” profilaktik tadbiri amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi yoz mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi hayoti va mol-mulkini muhofaza qilish, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta'minlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish va profilaktika ishlarining samaradorligini yanada oshirishdan iborat.
“Dolzarb 60 kun” tadbiri doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda ishlar olib boriladi:
- aholi turar joylarida elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish holatini o‘rganish;
- ta'lim, sog‘liqni saqlash hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarida yong‘in xavfsizligi profilaktik ko‘riklarini o‘tkazish;
- energetika, neft va gaz, avtomobillarga yoqilg‘i quyish hamda gaz to‘ldirish shoxobchalarida sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
- bozorlar, savdo majmualari va odamlar gavjum maskanlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta'minlash;
- yirik qurilish maydonlari hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlarida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;
- yozgi oromgohlar, sanatoriylar va dam olish maskanlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish;
- o‘rmon xo‘jaliklari, aholi punktlari va ochiq hududlarni qurigan o‘simliklar hamda yonuvchi chiqindilardan tozalash;
- test sinovlari o‘tkaziladigan obyektlarning yong‘inga qarshi holatini talab darajasiga keltirish;
- ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, elektron tablolar va bilbordlar orqali keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini olib borish.
2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida Samarqand viloyatida yong'inlar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi hayoti va sog'lig'ini, ularning mol-mulkini hamda iqtisodiyot tarmoqlari obyektlarini ishonchli muhofaza qilish maqsadida keng ko'lamli profilaktik, nazorat va targ'ibot tadbirlari amalga oshirildi.
Hisobot davrida davlat organlari, mahalliy hokimliklar hamda tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda yong'in xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o'rnatildi. Viloyat bo'yicha 5 ming 673 ta tekshiruv o'tkazilib, shundan 5 ming 337 tasi batafsil, 336 tasi nazorat tekshiruvlarini tashkil etdi. Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarida 358 ta monitoring va profilaktik tadbir o'tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko'rildi.
Tekshiruvlar natijasida yong'in xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta'minlash maqsadida 7 ming 198 ta tavsiya berilib, ularning 5 ming 516 tasi ijro etildi. Yong'in profilaktika ko'riklari davomida esa 2 ming 486 ta tavsiya berilib, shundan 1 ming 891 tasi bajarildi. Shuningdek, davlat va tadbirkorlik subyektlariga 133 ming 764 ta yozma ko'rsatma kiritilib, ularning 101 ming 640 tasi bo'yicha kamchiliklar bartaraf etildi.
Alohida e'tibor aholi turar joylari, ijtimoiy soha muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari, bozor va savdo majmualari, avtomobillarga yoqilg'i quyish hamda gaz to'ldirish shoxobchalari, energetika va boshqa xavfi yuqori obyektlarda yong'in xavfsizligini ta'minlashga qaratildi. Yong'in xavfsizligi talablarini qo'pol ravishda buzgan 1 ming 544 ta bino va inshoot faoliyati kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to'xtatildi. Shuningdek, yong'in kelib chiqishi xavfini tug'diruvchi 10 ming 106 ta nosoz elektr moslamasi va elektr tarmoqlaridan foydalanish taqiqlandi.
Aholining yong'in xavfsizligi sohasidagi bilim va ko'nikmalarini oshirish maqsadida profilaktik va targ'ibot ishlari izchil davom ettirildi. FVV inspektorlari tomonidan 256 ming 296 ta aholi turar joyi o'rganilib, qutqaruv qismlari shaxsiy tarkibi tomonidan 466 ming 531 ta xonadonda profilaktik tadbirlar o'tkazildi. Natijada 550 ming 998 nafar fuqaroga yong'in xavfsizligi qoidalari bo'yicha tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, 8 ming 310 ta uchrashuv tashkil etilib, ularda 407 ming 792 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Yong'in xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish maqsadida ommaviy axborot vositalari va internet platformalari orqali ham keng qamrovli axborot-targ'ibot ishlari olib borildi. Jumladan, 784 ta teleko'rsatuv, 503 ta radioeshittirish, 258 ta gazeta va jurnal maqolasi, 3 ming 622 ta internet materiali tayyorlanib e'lon qilindi.
Shuningdek, yong'in xavfsizligi talablarini buzgan shaxslarga nisbatan 9 ming 303 ta ma'muriy jarima qo'llanilib, ularning umumiy miqdori 5 milliard 408 million 328 ming 720 so'mni tashkil etdi. Hisobot davrida 7 ming 950 ta jarima bo'yicha 2 milliard 381 million 873 ming 612 so'm undirilishi ta'minlandi.
Amalga oshirilgan ushbu chora-tadbirlar viloyatda yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, mavjud xavf omillarini kamaytirish hamda aholi va obyektlarning xavfsizligini ta'minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kelgusida ham “Dolzarb 60 kun” tadbiri doirasida profilaktik ishlar yanada kuchaytirilib, barcha mas'ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettiriladi.
Samarqand violyati Favqulodda vaziyatlar boshqamasi Axborot xizmati








