Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni doirasida profilaktik tadbir o‘tkazildi
2026-07-09 11:05:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati FVBda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan harbiy xizmatchilar va xizmatchilar ishtirokida “Yo‘l-transport hodisalari: ularning kelib chiqish sabablari va oldini olish chora-tadbirlari” mavzusida profilaktik tadbir tashkil etildi. Batafsil...
Tadbirda Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, Favqulodda vaziyatlar vazirligining mas’ul xodimi hamda IIV YHXB xodimi ishtirok etib, yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablari, ularning og‘ir oqibatlari hamda bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Tadbir davomida xizmat va shaxsiy transport vositalaridan foydalanishda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etish, transport vositalarini belgilangan tezlikda boshqarish, mast holda transport boshqarmaslik, piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yig‘ilishda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, xizmat intizomini mustahkamlash, odob-axloq qoidalariga rioya etish hamda harbiy xizmatchi va xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar korrupsiya har qanday ko‘rinishda jamiyat taraqqiyoti va davlat organlari nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, bu illatga qarshi kurashishda har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish, xizmat intizomiga rioya etish, huquqbuzarlik va korrupsion holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.








