Hurmatli fuqarolar!
2026-07-30 00:00:00 / Yangiliklar
Hurmatli fuqarolar!
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik – bu nafaqat bino va inshootlarni ta'mirlash yoki pardozlash emas, balki xonadonlar, ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari hamda tadbirkorlik subyektlarida yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni ham anglatadi.
Mavsumni xavfsiz o‘tkazish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
Bugunoq, ertaga kech bo'lish mumkin
Ko‘p yillardan buyon foydalanib kelinayotgan elektr sim va kabellarining texnik holatini mutaxassislar ishtirokida tekshirtiring. Nosoz yoki eskirgan simlarni yangisiga almashtiring.
Gaz va elektr energiyasida ishlovchi isitish moslamalarini kuz-qish mavsumi boshlanishidan oldin malakali mutaxassislar tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazing.
Yoz davomida foydalanilmagan qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan pechlarni o‘rnatishda ularning mustahkamligi, yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi hamda mo‘rilar (dudburonlar)ning me'yoriy talablarga mos o‘rnatilganligiga alohida e'tibor qarating.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida xonadonlarga tashrif buyurayotgan mutaxassislarning tavsiyalariga qat'iy rioya qiling.
- Aks holda is gazi, chaqnash, portlash yoki yong'indan jabrlanishingiz mumkin.
Eslatma!
Xonadoningizga tashrif buyurgan mutaxassisdan xizmat guvohnomasini taqdim etishini so‘rashni unutmang.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari tomonidan olib borilayotgan profilaktik targ‘ibot va tushuntirish ishlari mutlaqo bepul amalga oshiriladi.
Firibgarlarning noqonuniy pul talablariga aldanmang va bunday holatlarga duch kelsangiz, darhol tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki 112 qisqa raqamiga murojaat qiling.
Unutmang! Bugundan ko‘rilgan ehtiyot chorasi ertangi kuningiz xavfsizligini ta'minlaydi.

