RASMIY OGOHLANTIRISH
2026-07-22 10:50:00 / Yangiliklar
RASMIY OGOHLANTIRISH
So‘nggi paytlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning eng baland nuqtalaridan biri hisoblangan, Shahrisabz tumani hududida joylashgan Hazrati Sulton tog‘ cho‘qqisiga sayohat uyushtirish bo‘yicha turli takliflar tarqatilmoqda.
Albatta, bunday tashabbuslar ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin. Biroq mazkur hududga olib boruvchi avtomobil yo‘llari, tog‘ so‘qmoqlari hamda tik qiyaliklar barcha fuqarolarning xavfsiz va erkin harakatlanishi uchun to‘liq moslashtirilmaganini inobatga olish lozim.
Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqiradi.
Hazrati Sulton cho‘qqisiga chiqishni rejalashtirayotgan fuqarolardan tog‘ hududidagi toshloq va murakkab yo‘llar, balandlik tufayli havo bosimining o‘zgarishi hamda boshqa tabiiy omillarni hisobga olishlari so‘raladi. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari, yurak yetishmovchiligi, arterial qon bosimi yuqori bo‘lgan shaxslarga bunday sayohat tavsiya etilmaydi.
Shuningdek, tog‘li hududga yakka holda yo‘l olmaslik, sayohatga chiqishdan oldin ob-havo sharoitini o‘rganish, zarur oziq-ovqat, ichimlik suvi, dori-darmon va aloqa vositalari bilan ta’minlanish muhim ahamiyatga ega.
Yo‘nalish davomida ishtirokchilardan birining sog‘lig‘i yomonlashishi yoki yiqilish natijasida turli darajada tan jarohati olishi mumkinligini, shuningdek, tog‘li hududlarda tibbiyot va qutqaruv xizmatlarining voqea joyiga yetib borishi muayyan vaqt talab qilishini ham inobatga olish zarur.
Agar barcha xavf-xatarlarni anglagan holda mazkur yo‘nalish bo‘ylab sayohat qilishga qaror qilsangiz, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlar uchun shaxsiy mas’uliyatni zimmangizga olishingizga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv xizmatlari kecha-yu kunduz, 24/7 rejimida fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga tayyor ekanligini ma’lum qiladi.
Agar tog‘ hududida xavfli yoki noqulay vaziyatga duch kelsangiz, zudlik bilan 112 yagona tezkor qutqaruv xizmatiga murojaat qiling.
Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi


