CHORTOQ TUMANIDAGI 1-SONLI KASB-HUNAR MAKTABIDA MAXSUS-TAKTIK O‘QUV MASHQI O‘TKAZILDI
2026-11-23 17:35:00 / Yangiliklar

CHORTOQ TUMANIDAGI 1-SONLI KASB-HUNAR MAKTABIDA MAXSUS-TAKTIK O‘QUV MASHQI O‘TKAZILDI
Bugun, 23-noyabr kuni Namangan viloyati Chortoq tumani Namangan MFY, Namangan ko‘chasida joylashgan 1-sonli kasb-hunar maktabi yotoqxonasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashqi tashkil etildi.
Mashq Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik Tursinali Jo‘rayev hamda tizimda ko‘p yillar xizmat qilgan faxriy Zokirjon Nishanov boshchiligida, hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkazildi.
O‘quv mashqi davomida shartli ravishda sodir bo‘lgan yong‘in holatida favqulodda vaziyatlar bo‘linmalarining tezkor harakatlanishi, odamlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, qutqaruv ishlarini amalga oshirish, yong‘in tarqalishining oldini olish va uni qisqa vaqt ichida bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
Shuningdek, qutqaruv xizmatlari va hamkor tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi, kuch va vositalarni samarali boshqarish hamda favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Mashq yakunida ishtirokchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.





